Turkiya bilan savdo aloqalari mustahkamlanadi

    Xalqaro hamkorlik 12 Oktabr 2022 1664

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov hamda Turkiya Respublikasi savdo vaziri oʻrinbosari Uzgur Volkan Agar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsishidagi ijobiy tendensiya yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish va hajmini oshirish, imtiyozli savdo bitimini ratifikatsiya qilish jarayonini faollashtirish orqali kompleks chora-tadbirlarni koʻrishga, savdo sohasidagi toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va bu sohada raqamli yechimlarni joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Qayd etilganidek, 2022-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi kutilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti hamda yaqin oylarda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Qoʻshma bojxona kengashining 3-yigʻilishi doirasida oʻzaro savdoni rivojlantirish boʻyicha qator qoʻshimcha, ikki tomonlama va koʻp tomonlama chora-tadbirlar kelishilishi mumkin.

    Ikki davlat oʻrtasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻnalishlarni diversifikatsiya qilish, toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Tomonlar transport-logistika sohasida ijobiy dinamikani saqlab qolish va kuchaytirish maqsadida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.