Oʻmer Bulut bilan suhbat chogʻida Turkiyada qoʻllanilayotgan, keng aholi qatlamini uy-joy bilan taʼminlashga moʻljallangan ijtimoiy uy-joy qurilishi tizimining samarali mexanizmi oʻrganildi. TOKI rahbari Turkiyaning ilgʻor tajribasini Oʻzbekistonda joriy etishda barcha zarur yordamni koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Jengiz Holding direktorlar kengashi aʼzosi Ahmet Jengiz bilan Oʻzbekiston energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholab, kimyo va togʻ-kon sanoati, energetika va qurilish sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

AKSA Enerji boshqaruv kengashi aʼzosi Juneyt Uygʻun bilan 290 million dollarlik joriy loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama etildi. Turkiya tomoni Oʻzbekistonning qator hududlarida elektr stansiyalari, gaz taqsimlash tizimlarini qurish va modernizatsiya qilishda, shuningdek, birgalikda elektr generatorlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va mamlakatning tarixiy shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar qurishda ishtirok etishga qiziqishini bildirdi.

Xuddi shunday ruhda Chalık Holding kompaniyasi boshqaruvi aʼzosi Haqki Akil bilan ham suhbat boʻlib oʻtdi. Kompaniya Oʻzbekistonda 250 million dollarlik koʻp tarmoqli biznes markazini qurish loyihasini amalga oshiryapti. Qayta tiklanadigan energetika sohasida yangi loyihalarni oʻrganish va ishlab chiqish, shuningdek, Oʻzbekistonda DXSH asosida tibbiyot muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy va texnik jihatlarini batafsil muhokama qilish va ishlab chiqish uchun joriy yil noyabr oyida kompaniyalar vakillarining Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.