Turkiya delegatsiyasi Oʻzbekistonda

    Harbiy 14 Noyabr 2020 1512

    Shu kunlarda Turkiya Respublikasi mudofaa vaziri oʻrinbosari Muxsin Dere boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon boʻlib turibdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Muxsin Dere mamlakatimizga tashrifidan mamnun ekanligini taʼkidlab, koʻrsatilgan eʼtibor uchun mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari general-mayor Pavel Ergashevga oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, u oʻzbek va turk xalqlarini bir-biriga chambarchars bogʻlab turuvchi qondoshlik, qardoshlik, madaniy, tarixiy jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    Muzokara chogʻida ikki davlat rahbarlari va mudofaa vazirlarining tashriflari natijasida erishilgan hamkorlik borasidagi kelishuvlarning samarali amalga oshirilayotganligi taʼkidlab oʻtildi. Oʻzbek va turk xalqlari oʻrtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

    Shundan soʻng mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev hamrohligida Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurishdi. Xorijlik mehmonlar taʼlim muassasasida kursantlar va tinglovchilar uchun muzey, kutubxona, oʻquv sinflarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, mashgʻulot jarayonlarini kuzatishdi.

    – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi oʻzida tarixiy va zamonaviylikni aks ettirgan taʼlim dargohi ekanligining guvohi boʻldim. Bu yerda tashkil etilgan taʼlim tizimi, kursantlar va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar menda katta taassurot qoldirdi. Bundan tashqari akademiyada koʻplab davlatlarning mashgʻulot xonalari tashkil etilganligi diqqatga sazovor. Ular orasida Turkiya harbiy tarixini aks ettiruvchi xonaning borligi va turk tilida dars olib borilayotgani bizni gʻoyat mamnun qildi. Kelajakda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va Turkiya harbiy bilim yurtlari oʻrtasidagi taʼlim tizimida hamkorlikni kengaytirib, oʻzbek hamda turk tillarini boʻlgʻusi ofitserlarga yana-da chuqurroq oʻrgatilishini yoʻlga qoʻyamiz, – deya taʼkidladi Muxsin Dere.

    Turkiya Respublikasi harbiy delegatsiyasining bir necha kunlik yurtimizga amaliy tashrifi davomida Samarqand shahriga ham sayohat qilinishi ko'zda tutilgan.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
    kommunikatsiyalar departamenti