O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” jamoat fondi muvofiqlashtiruvida amalga oshirilgan ushbu tadbir doirasida Surxondaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 900 ta kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat muruvvat yordamlari yetkazib berildi.
Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi maslahatchisi Mahmut Turk xayriya tadbiri davomida O‘zbekistonda Ramazon oyi o‘ziga xos fayz va tarovat bilan o‘tayotganini alohida eʼtirof etdi:
“Ramazon oyi qardosh O‘zbekiston xalqiga baraka va xotirjamlik olib kelsin! Bu yurtda Ramazon udumlari, oilaviy iftorliklar va Qurʼon xatmlari juda go‘zal tarzda amalga oshirilmoqda. Biz buni ko‘rib juda xursand bo‘lamiz. Ushbu xayrli amallar qardoshlik rishtalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, dedi Mahmut Turk.
Bu kabi insonparvarlik loyihalari ikki mamlakat o‘rtasidagi diniy-maʼrifiy va madaniy aloqalar izchil rivojlanayotganining amaliy ifodasidir. “Vaqf” va “Diyonat” fondlari o‘rtasidagi hamkorlik kelgusida boshqa hududlarda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.