Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

    Investitsiyalar 30 Noyabr 2022 867

    Joriy yil 29-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev Turkiyaning Akcha Holding kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi Ahmet Bilge Go‘ksan bilan uchrashdi.

    Ma’lumot uchun: Akcha Holding Turkiyadagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, uning tarkibida yengil sanoat, energetika, oziq-ovqat mahsulotlari, turbodizel generatorlari va motorlar ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalar mavjud. Ushbu kompaniyada 20 mingdan ortiq xodim ishlaydi.

    Uchrashuvda to‘qimachilik sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishni va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish istiqbollari muhokama etildi.

    Turkiya kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, Namangan viloyatida to‘qimachilik yo‘nalishida 250 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. AQSh, Yevropa, Braziliya, Kanada va boshqa mamlakatlar bozorlariga mo‘ljallangan ip kalava, momiq sochiq, uy tekstil mahsulotlari, trikotaj, harbiy kiyimlar, xom mato, bo‘yalgan mato va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga asoslangan ushbu loyiha to‘liq amalga oshirilsa, 12-15 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

    Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni loyihani hayotga tatbiq etishning barcha bosqichlarida, shuningdek, yangi investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqish jarayonida har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.