Turkiyada ro‘y bergan misli ko‘rilmagan halokatli zilzilalar tufayli jabr ko‘rgan aholiga mamlakatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak qardosh mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilyapti.
Jumladan, “Demiroren” axborot agentligi tasarrufidagi www.dha.com.tr hamda www.cnnturk.com va boshqa bir necha turk ommabop saytlarida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va diplomatiya vakolatxonalari orqali Turkiyaning janubiy-sharqida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlarini yumshatishda ko‘rsatilayotgan yordam haqidagi xabar-maqolalar birin-ketin eʼlon qilinmoqda.
Ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida zilziladan jabr ko‘rgan mintaqalarda qidiruv, qutqarish ishlari olib borish va gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida yuborilgan guruh o‘z faoliyatini davom ettirarayotgani, boshqa tomondan mashhur oshpazlar Xatayda har kuni 10 ming kishiga osh tarqatayotgani qalamga olinayotir.
“O‘zbekistonning Turkiyadagi va Turkiyaning O‘zbekistondagi diplomatiya vakolatxonalari muvofiqlashtiruvi asosida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, O‘zbek-turk ishbilarmonlar uyushmasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi, Turkiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Mustaqil sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasining O‘zbekiston bo‘limi, shuningdek, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda 7 fevral kuni boshlangan gumanitar yordam yuborish ishlari har kuni davom etmoqda, deb yozadi Turkiya ommaviy axborot vositalari. 45 tonna dori-darmon va tibbiy buyumlar, 8 tonna oziq-ovqat, 90 tonna kiyim-kechak, poyabzal, ko‘rpa-to‘shak, gigiyena vositalari, 250 ta generator, 900 ta elektr isitgich va boshqa zarur buyumlardan iborat 270 tonna insonparvarlik yordami to‘planib, Turkiyaga jo‘natilgan.
Gumanitar yuk 6 ta yuk samolyoti, har kuni uchadigan yo‘lovchi samolyotlari va yuk mashinalarida Turkiyaning turli mintaqalariga yetkazilmoqda.
Zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda o‘zbekistonlik oshpazlar har kuni 10 ming kishiga ikki mahal ovqat tarqatishni tashkil qilishgan. “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati” (Istanbul), ko‘ngillilar va 71 nafar o‘zbek shifokorlari shikastlanganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda”.