Oshxona xodimlari grilni uzoq vaqt yoqib qo'yishgan va unda issiq yog' ta'sirida yong'in boshlangan.

Bu haqda Sabah gazetasi xabar berdi.

Tergovchilarga kelib tushgan ma'lumotlarga ko'ra, yong'in soat 03.21 da boshlangan. Oshpaz va bir necha xodimlar yong'inni o't o'chirish vositasi o'rniga suv bilan o'chirishga harakat qilishgan. Shu sababdan yong'in yanada kuchaygan.

“Yong'in mo'riga uzoq vaqt tozalanmagan tortib olgich orqali kirib kelgan va u yerdan tezda mehmonxona tomiga yetib borgan”, deb xabar beradi nashr. Gazetaning ta'kidlashicha, oshxona xodimlari vahima tushib, mehmonxonadan yugurib chiqib ketishgan, mehmonlar esa yong'in signalizatsiyasi ishlamayotgani sababli yong'in haqida o'z vaqtida xabar ololmagan.

Oshpazlardan birining xabar berishicha, ular taxminan 40 daqiqa davomida o'zlari mustaqil tarzda yong'inni o'chirishga harakat qilishgan, biroq ular hech qanday o't o'chirish moslamasini ko'rmagan. Uning so'zlariga ko'ra, oshxona xodimlari mehmonxona derazasidan sakrab tushayotgan bir necha kishini ostiga matraslar qo'yish orqali ularni qutqarib qolishgan.

Mehmonxonadagi yong'in zinapoyalari to'sib qo'yilgan va bunday binolarda majburiy bo'lgan yong'in o'chirish tizimi mavjud emasligi qurbonlar sonining ortishiga sabab bo'ldi, dedi avvalroq favqulodda vaziyatlar va mehnat xavfsizligi bo'yicha ekspert Hoji Latif Ishchan.

Yong'in bo'yicha 18 kishi hibsga olindi, deb xabar beradi report.az.