Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan Turkiya Oliy saylov kengashi delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Prezident saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. 20-oktyabr kuni Markaziy saylov komisiyasi Raisi Zayniddin Nizomxoʻjayevning Turkiya Oliy saylov kengashi raisi  Muxarrem Akkaya va Oliy saylov kengashi aʼzosi Kurshat Xamurju bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev mehmonlarni mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib, saylov Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora oʻtkazilayotganini taʼkidladi. Qayd etilganidek, xorijda yashayotgan saylovchilarimizning ham saylov huquqlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun elchixonalar va konsullik idoralari huzurida 37 ta davlatda 54 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Shu jumladan,  Oʻzbekiston Respublikasining Anqara shahridagi elchixonasida 43- saylov uchastkasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasida 44- saylov uchastkasi joylashgan.

Shu bilan birga, joriy saylovlar koronavirus pandemiyasi davrida oʻtkazilayotganini hisobga olib karantin qoidalariga rioya qilish talablaridan kelib chiqib saylov komissiyalari aʼzolari, kuzatuvchilar, saylovchilar orasida kasallik tarqalishining oldini olish boʻyicha maxsus yoʻriqnoma ishlab chiqildi. Barcha saylov uchastkalarida yashirin ovoz berish xonalarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari tibbiy himoya vositalaridan foydalanishlari shartligi belgilandi.

Turkiya Oliy saylov kengashi raisi  Muxarrem Akkaya Oʻzbekistonda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga yuqori baho berdi va Markaziy saylov komissiyasiga saylovlarni oʻtkazishda muvaffaqiyat tiladi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.