Turkiya Respublikasining Xatay viloyati gubernatori Lutfi Savash bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 8 Iyul 2021 811

    Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari L. Kudratov Turkiya Respublikasining Xatay viloyati gubernatori Lutfi Savash bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning holati, yuqori darajadagi tashrif va tadbirlar yakunlari hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

    Mamlakatning qulay investitsiya muhiti va xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyozlar natijasida turk investorlarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi yildan-yilga oshib borayotgani qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar metallurgiya, avtomobilsozlik, charm-poyabzal va mebel sanoati, shuningdek, qishloq xoʻjaligida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda oʻrganishga hamda Xatay viloyati va Oʻzbekiston hududlari tadbirkorlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq amaliy choralar koʻrishga kelishib oldi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.