Sud qarori bilan aka-uka Mehmet Aydin va Fotih Aydin “jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish“, “jinoiy tashkilotga rahbarlik qilish“ va “ogʻirlashtiruvchi holatlarda firibgarlik“ jinoyatlari uchun har biri 45 376-yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qayd etilishicha, ular koʻplab fuqarolarga katta daromad vaʼda qilib aldab kelgan. “Çiftlik Bank“ deb nomlangan tizim asoschisi Mehmet Aydin ikki yildan ortiq vaqt davomida qochib yurganidan soʻng Turkiya soʻroviga koʻra Braziliya tomonidan deportatsiya qilingan. Tergov doirasida qochoq sifatida qidirilayotgan Fotih Aydin 2021-yil iyul oyida Urugvayda qoʻlga olingan va Turkiyaga ekstraditsiya qilingan.
Sud ularning har birini 45376-yil 6 oy qamoq jazosiga, shuningdek 496 million turk lirasi (13,7 million dollar) jarima toʻlashga hukm qildi.
Huquqiy jihatdan bunday hukmlar amaliy ahamiyatga ega emas, chunki mahkumlar ming yillar davomida yashay olmaydi. Biroq, bu bir nechta ramziy maqsadlarga xizmat qiladi: jinoyatlarning ogʻirligini taʼkidlash - ayniqsa, minglab odamlar jabrlangan boʻlsa; profilaktika chorasiga aylanish - bunday jinoyatlar uchun imkon qadar qattiq jazo berilishini koʻrsatish uchun; huquqiy himoyani taʼminlash - ayblovlardan biri bekor qilingan taqdirda ham, katta jazo jinoyatchining muddatidan oldin ozodlikka chiqishiga imkon bermaydi.