Turkiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 22 Dekabr 2021 2199

    Mamlakatimizning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, Oʻzbekiston madaniyat vazirligi, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Anqara va Istanbul shaharlarida 14-17-dekabr kunlari Oʻzbekiston madaniyati kunlari tashkil etildi.

    Mazkur tadbirni oʻtkazishdan maqsad — xalqlar oʻrtasidagi madaniy hamkorlik va muloqotning barcha shakllarini rivojlantirish, madaniy yutuqlarni oʻzaro almashish, birgalikdagi ijodiy faoliyatni va sanʼatni ragʻbatlantirish, milliy madaniyatlarning oʻzaro boyishiga faol koʻmaklashishdan iborat boʻldi.

    Oʻzbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilishi munosabati bilan Anqara shahrida oʻzbek sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston madaniyat vaziri oʻrinbosari Olimjon Mirzayev, mamlakatimizning Turkiyadagi elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev, Turkiya madaniyat vaziri oʻrinbosari Oʻzgul Oʻzkan Yavuz, Turkiya davlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda Anqarada taʼlim olayotgan va mehnat faoliyatini yuritib kelayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

    Turkiya madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Oʻzgul Oʻzkan Yavuz tarixi, madaniyati va sanʼati bir-biriga uygʻun boʻlgan ikki millatning madaniy aloqalari, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning natijalari xususida toʻxtalib oʻtdi. Shu bilan birga “bu kabi tadbirlar madaniy aloqalarni mustahkamlash barobarida ikki millat oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlarini ham yuksaltiradi”, deb taʼkidladi.

    Mazkur tadbir ishtirokchilari “Oʻzbekiston — Ipak yoʻlining qalbi” nomli fotokoʻrgazma bilan ham tanishdi.

    Istanbul shahrida ham oʻzbek sanʼatkorlari chiqishlari tomoshabinlar tomonidan iliq va joʻshqin kutib olindi, ularda unutilmas taassurot qoldirdi.

    Madaniy anjuman doirasida Oʻzbekiston delegatsiya aʼzolari Turkiya madaniyat va turizm vazirligi, “TURKSOY” xalqaro tashkiloti, Turkiya milliy kutubxonasi, Prezident Simfonik orkestri, Anadoʻli muzeyi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.