Turkiyada yana oʻrmonlar yonmoqda

    Marmaris kurorti xavf ostida

    Turkiyaning Egey dengizi sohilidagi Marmaris kurort shahri yaqinida kuchli oʻrmon yongʻini boshlandi, deya xabar bermoqda “Associated Press” nashri.

    Yongʻin koʻrfazni oʻrab turgan tepaliklar ortida boshlangan va kuchli shamol alanganing tez tarqalishiga sabab boʻlgan.

    Yongʻinni oʻchirishga 500 kishi, 40 ta oʻt oʻchirish mashinasi, 15 ta vertolyot va 8 ta samolyot jalb qilingan. Qurbonlar va jarohat olganlar haqida rasmiy maʼlumotlar yoʻq.

    Avvalroq Turkiyaning Oʻrtayer dengizi va Egey dengizi sohillarida, jumladan, Marmarisda sodir boʻlgan oʻrmon yongʻinlari kamida sakkiz kishining hayotiga zomin boʻlgandi. Keyin hukumat bunday favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik koʻrmagani, jumladan, zamonaviy oʻt oʻchirish samolyotlari yetishmasligi uchun tanqid qilingan.