“Malatyada sodir bo'lgan 5,9 magnitudali zilziladan keyin AFAD [Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi] va tegishli idoralarimiz Malatya, Diyarbakir, Shanliurfa, Elyazig', Batman va Tunjeli viloyatlaridagi hududlarda vaziyatni o'rganishmoqda. Jami uchta binoning qisman qulab tushishi sodir bo'ldi. Malatya, Shanliurfa va Elyazig'da bittadan hodisa sodir bo'ldi. Qurbonlar yoki mol-mulk bilan bog'liq talafot yo'q”, deya X (oldingi Twitter) ijtimoiy tarmog'i orqali xabar berdi vazir.
Shuningdek, u favqulodda vaziyatlar bo'yicha ishonch telefoniga “374 ta qo'ng'iroq va xabar kelib tushgani, shundan 341 tasi vaziyat to'g'risida bildirishnoma, 33 tasi esa yordam so'rab qilingan murojaat” ekanligini ta'kidladi.
AFAD qurbonlar va vayronagarchiliklar yo'qligini tasdiqladi. “Mutaxassislardan iborat guruhlarimiz voqea joyida ishlamoqda, zilzila oqibatlarini o'rganmoqda”, deyiladi xabarda.
Tabiiy ofatdan jabr ko'rgan viloyatlar rasmiylari ham favqulodda vaziyat yo'qligini ma'lum qildi. Zilzila Diyarbakir, Elyazig', Qahramanmarash, Tokat, Erzinjon, Tunjeli va Adiyamanda ham sezildi. Zilzila markaziga aylangan Malatyada rasmiylar 17-oktabr kunini maktablarda ta'til deb e'lon qildi. Ushbu hududlarning barchasida zilzila ta'sirini baholash davom etmoqda. Ayrim binolarda yoriqlar bor va rasmiylar aholidan ekspertlar tekshiruv o'tkazmaguncha ichkariga kirmaslikni so'ramoqda.
Zilzila Moskva vaqti bilan soat 10:46 da sodir bo'ldi. Bu mahalliy aholi orasida vahima uyg'otdi, odamlar ko'chaga yugurib chiqishdi. Yevropa-O'rtayer dengizi seysmologiya markazi 6,1 magnitudani qayd etdi. Tabiiy ofat epimarkazi 441 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan Malatya shahridan 47 kilometr sharqda joylashgan, deb xabar beradi tass.ru.