Turkiyadagi anjumanda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati haqida Parijda ochilgan ikki koʻrgazma borasida maʼlumot taqdim qilindi

    Turkiya Respublikasining Istambul shahrida Islom madaniyati, tarixi va sanatini tadqiq qilish markazi IRSIKA Boshqaruv kengashining yillik yigʻilishi oʻz ishini boshladi.

    Unda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov ishtirok etmoqda. Majlis ishtirokchilariga Parijda ochilgan Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga bagʻishlangan ikkita yirik koʻrgazma toʻgʻrisida malumot taqdim qilindi.

    – Turfa zamonlarga guvohlik beruvchi sara eksponatlar orasida Islom olamining eng muhim qoʻlyozmalaridan biri boʻlgan VIII asrga oid “Katta Langar Qurʼoni” alohida ajralib turadi, – deydi Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov. – Mazkur Qurʼon Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Langar ota” jomeʼ masjidida uzoq vaqt saqlangan. Islom olamida u Musʼhafning eng qadimgi qoʻlyozmalaridan biri hisoblanadi. Koʻrgazmaga tayyorgarlik jarayonida mazkur muqaddas qoʻlyozmaning 13 sahifasi ham restavratsiya qilindi, yaʼni koʻp asrlik chang, gʻubor, zamburugʻ kabi zararli bakteriyalardan tozalandi. Mazkur eksponat tarixi deyarli afsonaviy, chunki hali atroflicha oʻrganish kerak boʻlgan jihatlari yetarlidir. Chunki qoʻlyozma VIII-X asrga oid deb taxmin qilinyapti. Hatto, Usmon Musʼhafidan oldinroq yozilgan boʻlishi mumkin, degan farazlar ham bor. Koʻrgazmaning eng noyob eksponatlaridan hisoblanuvchi ushbu Qurʼon sahifalariga dunyo miqyosida qiziqish juda katta.

    Taʼkidlanishicha, Musʼhaf sahifalari taʼmiri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda amalga oshirilgan. Jamgʻarma taklifiga binoan muqaddas qoʻlyozmani restavratsiya qilish ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delau va Aureliya Streri tomonidan amalga oshirilgan.