Ijtimoiy tarmoqlarda va elektron ommaviy axborot vositalarida Turkiyaning Jivril shahrida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining majburan ushlab turilgani toʻgʻrisida xabarlar tarqalishi munosabati bilan mamlakatimizning Anqara shahridagi Elchixonasi Turkiya Respublikasining vakolatli idoralariga rasmiy murojaat qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Turkiya fuqarosiga turmushga chiqish uchun 2020-yil 14-noyabrda Turkiyaga kelgan. Qisqa muddat birga yashagandan soʻng, u oilaviy hayoti va ijtimoiy sharoitidan norozi ekanligi, shuningdek, onasining sogʻligʻi yomonlashgani sababli Oʻzbekistonga qaytishga qaror qilgan.
Elchixona xabar berishicha, hozirgi kunda mazkur vatandoshimiz Denizli viloyatidagi ixtisoslashgan shifoxonalardan birida koronavirus infeksiyasidan davolanish uchun muolaja olmoqda. Shu sababli u bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanish imkoniyati mavjud emas.
Denizli viloyati jandarmeriyasining maʼlumotlariga koʻra, bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, hamyurtimiz tanasida jarohatlar aniqlanmagan.
Ushbu masala Denizli viloyati prokuraturasining maxsus nazoratiga olingan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vaziyat Oʻzbekistonning Turkiyadagi Elchixonasining doimiy nazoratida, vakolatli organlar va hamyurtimiz davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa oʻrnatilgan.