Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi fuqarolar xorijiy valyutalarni sotib olishda va qabul qilishda diqqatli boʻlishlari lozimligini taʼkidlamoqda.
Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi soʻnggi paytlarda Turkiyada soxta 50 dollarlik kupyuralar, baʼzan esa 100 dollarlik kupyuralar tarqalayotgani haqida ogohlantirmoqda.
Shu munosabat bilan mamlakatdagi oʻzbekistonliklar ayrim masalalarda ogoh boʻlishga chaqirilyapti.
Jumladan, fuqarolar xorijiy valyutalarni sotib olishda va qabul qilishda diqqatli boʻlishlari kerak.
Yaʼni:
- dollarni faqat rasmiy banklar yoki litsenziyali valyuta ayirboshlash nuqtalarida qabul qilish;
- tekshiruv uskunalaridan foydalanish, ayniqsa, katta miqdordagi dollarni qabul qilinganida;
- qoʻlma-qoʻl pul ayirboshlashdan saqlanish lozim.
Qonunchilik va huquqiy maslahatlar:
- soxta kupyuralarni qabul qilish yoki tarqatish qasddan amalga oshirilsa, Turkiya qonunchiligida ogʻir jazo belgilangan.
- agar shubhali kupyuralarga duch kelinsa, zudlik bilan mahalliy politsiya yoki konsulxonaga murojaat qilish kerak.
“Soxta pul tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatlarda ehtiyot boʻling va shubhali vaziyatlarda doimo tekshiruvga murojaat qiling. Sizning xavfsizligingiz biz uchun muhim”, – deyiladi diplomatik konsulxona xabarida.