"Turkiyaning bir qancha hududlarida koʻplab qurbonlar va katta vayronagarchiliklarga sabab boʻlgan kuchli zilzila haqidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qildik.
Halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz, jarohatlanganlarning tezroq sogʻayib ketishini tilaymiz.
2023-yil 6-fevral Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga koʻra, mamlakatimizning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalariga zilzila oqibatida halok boʻlgan va jarohatlangan Oʻzbekiston fuqarolari boʻyicha maʼlumot kelib tushmadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Anqaradagi Elchixonasi (tel.: +90-312-441-38-71, +90-312-441-17-46) va/yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +90-212-323-20-37, +90-212-323-20-39) murojaat qilishlari mumkin", deyiladi xabarda.