Aviakompaniyaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Selim Kaxriman boshchiligidagi koʻp sonli turk mutaxassislaridan iborat ishchi guruh, Fargʻona xalqaro aeroportini koʻzdan kechirish hamda mavjud infratuzilma va xavfsizlik tizimi bilan joyida tanishish uchun Fargʻonaga keldi.

Mehmonlarni aeroport direktori Timur Xalilov hamda viloyat hokimligi mutasaddilari kutib oldilar.

Samarali oʻtgan muloqot chogʻida Fargʻona aeroportining vodiy hududida tutgan oʻrni va roli alohida eʼtirof etildi. Mehmonlarga viloyatning iqtisodiy va yoʻlovchi salohiyati, shuningdek Turkiya bilan hamkorlik yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv chogʻida havo kemalariga yer usti xizmat koʻrsatish hamda umumiy xavfsizlik risklari masalalari alohida muhokama qilindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.