Charm-poyabzal mahsulotlari eksport hajmi ortadi

    Biznes 11 Noyabr 2022 1152

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Turkiyalik investor, “Balta Deri Sanayi” kompaniyasi asoschisi Erdem Balta bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    “Balta Deri Sanayi” — Turkiyaning Gaziantepa shahrida joylashgan. Asosiy ish faoliyati “Nappa” va astarli teri ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya Oʻzbekiston bilan terining 1 va 2 qayta ishlangan bosqichi, yaʼni WET-BLUE hamda KRASTni Turkiyaga eksportini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni maqsad qilgan. Shuningdek, investor charm-poyabzal sanoatining boshqa yoʻnalishlariga ham qiziqish bildirdi.

    Uchrashuvda turkiyalik tadbirkorga Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatining bugungi holati, sohaga qator imtiyoz va preferensiyalar berilganligi haqida toʻliq maʼlumot berildi. Xususan, soliq va bojxona toʻlovlarini yengillashtirish, ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari tomonidan mamlakatimiz boʻylab ajratilayotgan kredit liniyalari haqida soʻz yuritildi.

    Turkiyalik mehmon mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti bilan tanishib, hamkorlikning yangi yoʻnalishlariga qiziqish bildirdi. Uchrashuvda shuningdek, Oʻzbekistondan Turkiyaga yuqori qoʻshilgan qiymatga ega yarim tayyor charm va tayyor mahsulotlar eksportini amalga oshirish, mamlakatimizda Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonasini ochish va boshqa koʻplab masalalar haqida fikr almashildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar turk korxonasiga yarim tayyor va tayyor charm mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib oldilar. Ayni maqsadda 2022-yil noyabr-dekabr oylarida investor uchun Oʻzbekistondagi charm-poyabzal korxonalariga biznes-tur tashkil etiladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.