Turkiyalik teleprodyuser Oʻzbekiston ziyorat turizmi targʻibotiga bagʻishlangan koʻrsatuv tayyorlayapti

    Turizm 6 Yanvar 2022 1003

    Shu kunlarda Turkiyaning TRT telekanali prodyuseri, ziyorat turizmi boʻyicha mashhur bloger Serdar Tunjer boshchiligidagi targʻibot guruhi tomonidan “Oltin silsila halqasi boʻylab” koʻrsatuvi suratga olinyapti.

    Prodyuser Serdar Tunjer oʻzining 10 kunlik dasturini Surxondaryo viloyatidagi Alauddin Attor ziyoratgohidan boshlab, keyinchalik Samarqand viloyatida Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, Xoʻja Ahrori Valiy, Buxorodagi Said Amir Kulol, Bahouddin Naqshband majmualaridan onlayn translyatsiyalarni shaxsiy YouTube kanali orqali davom ettirayotganligi haqida maʼlum qildi.

    “Ushbu loyihamizni oʻtgan yilning oxirida Tojikistondagi Yoqub Charxiy ziyoratgohidan boshlab, bugunga qadar mamlakatingizning koʻplab ziyorat maskanlarida boʻldik. Oʻzbekiston haqida gapirar ekanman, bu yerda ham sayohat ham ziyorat qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Dunyoning eng goʻzal maskanlarida joningiz rohatlanishi mumkin, biroq ruhingiz orom olishi uchun birgina Buxoroga tashrif buyursangiz boʻlgani”, — dedi Serdar Tunjer oʻz intervyusida.

    Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida samarali hamkorlik qilib kelayotgan Serdar Tunjer Buxoro viloyatining Turkiyadagi “Turizm elchisi” etib tayinlandi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

    Yaqin kunlarda Turkiyalik teleprodyuser tomonidan tayyorlangan mazkur yirik shaharlardagi ziyoratgohlar haqidagi turkum koʻrsatuvlar ramazon oyida Turkiyaning TRT telekanali orqali dunyoning 128 davlatiga namoyish etilishi rejalashtirilgan.