Muzokaralar davomida «Uchbey turizm» firmasi rahbari Xulusi Gulseren turkiyalik sayyohlar Samarqand va Buxorodagi muqaddas qadamjolar qatori Surxondaryodagi ziyoratgohlarga ham katta qiziqish bildirishlarini maʼlum qildi.
— Buxorodagi “Yetti pir” manzilgohlari bilan birga Surxondaryodagi tasavvuf pirlari va shayxlarining maqbaralariga ziyoratlarni oʻz ichiga oluvchi qoʻshma tur-paketlarni ishlab chiqish yaxshi natijalarni beradi, — dedi Xulusi Gulseren. — Turkiyalik sayyohlar Oʻzbekistonning har bir goʻshasini eʼzozlaydi. Termiziylar yurti boʻlgan qadim Surxon elini koʻrish, bu zamindagi moʻtabar qadamjolarni ziyorat qilishga boʻlgan qiziqishimiz ham katta».
Boʻlib oʻtgan uchrashuv natijasida Surxondaryodagi ziyorat turizmi obyektlariga oid targʻibot materiallarini turk tilida tayyorlash va salohiyatli ziyoratchilar oʻrtasida tarqatish, Turkiyadagi koʻrgazmalarda viloyat vakillarining ishtirokini taʼminlashga kelishib olindi.