Turkiyaning Egey universiteti bilan memorandum imzolandi

    Qashqadaryo viloyati delegatsiyasining 20-23-mart kunlari Turkiyaga qilgan tashrifi chogʻida Qarshi shahrida Egey universiteti bilan hamkorlikda yangi fakultet tashkil etish va mazkur hududning toʻqimachilik sanoati yutuqlari bilan tanishish yuzasidan bir qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.

    Shu oʻrinda eslatish joizki, joriy yil fevral oyi boshida Turkiya Respublikasining Izmir shahrida joylashgan Egey universiteti bilan hamkorlikda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tekstil muhandisligi fakultetini ochish yuzasidan onlayn-uchrashuv tashkil etilgandi. Oʻshanda mazkur masala boʻyicha viloyat delegatsiyasining Turkiyaga tashrif buyurishi va dastlabki amaliy ishlarni boshlashi haqida kelishib olingandi.

    Kelishuvga muvofiq amalga oshirilgan tashrif doirasida 22-mart kuni Qashqadaryo delegatsiyasi rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Olimjon Movlanov va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti prorektori Suxrab Mamatov hamda Egey universiteti prorektorlari Bonu Yujel va Mehmet Arslon tomonidan Qarshi shahrida qoʻshma tekstil muhandisligi fakultetini ochish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Shuningdek, universitetning qishloq xoʻjaligi fakulteti rahbariyati bilan ham kelgusida qoʻshma fakultet ochish, hamkorlikda tadqiqotlar amalga oshirish va talabalar almashinuvi boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, delegatsiya vakillari Izmir viloyatining bojxona bosh boshqarmasi toʻqimachilik laboratoriyasi faoliyati bilan ham batafsil tanishib, hamkorlik qilishga kelishib olishdi.