Turkiyaning “Limak Holding” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazildi

    Investitsiyalar 8 Iyun 2022 1643

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Turkiyaning “Limak Holding” kompaniyasi faxriy prezidenti Nihat Ozdemir bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida issiqlik va gidroenergetika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Turk kompaniyasining Oʻzbekistondagi faoliyatini yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama etildi.

    Turkiya tomoni kompaniyaning faoliyati hamda yaqin kelajakdagi rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi, shuningdek Oʻzbekistonda ishlashga qiziqish bildirib, koʻrib chiqilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari ustida ish olib borish uchun yaqin hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

    Shuningdek, energiya infratuzilmasi obyektlarini qurish sohasida tajriba almashish va Turkiyaning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish maqsadida “Limac Holding” ekspert va mutaxassislarini jalb qilgan holda qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida oʻzaro hamkorlik qilish yuzasidan navbatdagi tadbirlarni hamda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor oʻrganish boʻyicha yaqin munosabatlarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.