Shonliurfa viloyatida neolit davriga oid 12 ta qazish maydonini o‘z ichiga olgan Tosh tepaliklar loyihasi bu yil besh yilligini nishonladi. Bu qisqa davr mobaynida 12 000 yil avvalgi hayot haqida misli ko‘rilmagan ma’lumotlarni taqdim etuvchi 30 ta yangi topilmalarni ochib berdi.
Loyihaning besh yilligiga bag‘ishlangan tadbir Karahantepe ziyoratchilar markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda namoyish etilgan eng diqqatga sazovor kashfiyotlardan biri — Sayburch hududidan topilgan, og‘zi tikilgan holda dafn etilgan inson haykali bo‘ldi. Ushbu haykal qadimgi dafn marosimlari va ramziy amaliyotlar haqida muhim tushuncha beradi. Shuningdek, arxeologlar YuNESKO Jahon merosi obyekti bo‘lgan Go‘beklitepadan devorga qurbonlik sifatida dafn etilgan inson haykalini topdilar, bu neolit davri haykaltaroshlarining nozik estetik hissiyotlarini namoyish etadi.
Sefertepening o‘ziga xos kashfiyotlaridan biri- ikkita inson yuzining bo‘rtma tasviridir. Ular yuqori va past relyef usullarida o‘yilgan bo‘lib, o‘ziga xos uslubi bilan boshqa haykallardan ajralib turadi. Eng qiziqarli topilmalardan yana biri — qora serpantinitdan yasalgan ikki yuzli marjon bo‘lib, ikki tomoniga ifodali inson chehrasi o‘yib tushirilgan. Bu neolit davri hunarmandchiligining nodir namunasi sifatida tarixiy ahamiyatga ega.
Insoniyat tarixiga yangicha nazar
Tadbirda nuqt so‘zlagan Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ushbu aholi punktlarining dunyo tarixida yangi sahifa ochganini ta’kidladi. Topilmalar shuni ko‘rsatadiki, 12 ming yil avval Onadoluda turli ko‘lamdagi zich aholi yashaydigan maskanlar mavjud bo‘lgan. Bu esa tarixchilar aniqlaganidan ham ancha oldin murakkab ijtimoiy tuzilmaning mavjudligini ko‘rsatadi.
Vazir Mehmet Nuri Ersoy loyiha haqida to‘xtalib, “Umid qilamizki, keng qamrovli tadqiqotlar Tosh tepaliklar hududini dunyoning neolit davri poytaxti sifatida tasdiqlaydi”, dedi. Bu da’vo, insoniyatning ko‘chmanchi ovchilik va termachilikdan o‘troq jamiyatlarga o‘tishi haqidagi an’anaviy qarashlarni o‘zgartirayotgan uzluksiz kashfiyotlar oqimiga asoslangan. Sayburch, Sefertepe, Harbetsuvan, Chakmaktepe, Yenimahalle, So‘g‘ut, Mendiktepe, Yog‘unburch, Gurjutepe va Ayanlar tepaligi kabi o‘nlab qadimiy manzillar Neolit davrining eng kam o‘rganilgan bosqichlariga qayta nazar tashlashni taqozo qiluvchi ilmiy yutuqlar galaktikasini yaratadi.
O‘tmishni saqlab qolish uchun xalqaro sa’y-harakatlar
Tosh tepaliklar loyihasi xalqaro miqyosdagi keng qamrovli qazish ishlarini amalga oshiradi. Loyihaga 36 akademik muassasa — 15 tasi Turkiyadan, 21 tasi xalqaro — va 12 hududda bir vaqtda ishlayotgan 219 tadqiqotchi jalb qilingan. Ushbu xalqaro hamkorlik hududdagi bir-biriga bog‘langan qadimiy maskanlarni chuqur va tizimli o‘rganishga imkon yaratadi.
Yangi Go‘beklitepe ziyoratchilar markazi va Karahantepe tadqiqot markazi qurilishi yakunlanmoqda. Tadqiqot markazi Tosh tepaliklar loyihasi bo‘yicha olib boriladigan barcha arxeometrik tadqiqotlar uchun jihozlangan bo‘lib, bu topilmalarning ilmiy tahlilini markazlashtirilgan tarzda olib borishga mo‘ljallangan.











