Turkiyaning Xatay shahri delegatsiyasi Buxoroda

    Turkiya Respublikasining Xatay provinsiyasi hokimi Lyutfi Savash boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Buxoroda boʻldi.

    Muzokara avvalida viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro va uning bugungi salohiyati haqida axborot berdi. Bugunga kelib Buxoro viloyatida 300 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, mahalliy tadbirkorlar va Turkiya Respublikasi kompaniyalari hamkorligida turli sohalardagi qoʻshma loyihalar tufayli hozirda 39 ta xorijiy korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Turkiya Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega boʻlgan 5 ta davlatdan biridir.

    Taʼkidlash joizki, 2020-yilda Buxoro viloyati va turkiyalik sarmoyadorlar, ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro tashqi savdo aylanmasi 68,7 million AQSH dollarini tashkil etib, umumiy faoliyat daromadi 2019-yilga nisbatan 8,3 foizga oʻsgan. Shu jumladan, eksport hajmi 12,4 million, import hajmi esa 56,3 million AQSH dollariga yetkazilgan. Ana shunday yaqin hamkorlik samarasi oʻlaroq, joriy yilda tashqi savdo aylanmasini 100 million AQSH dollariga yetkazish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyasini oshirish koʻzda tutilgan.

    Viloyat hokimi Turkiya delegatsiyasi bilan muzokarada kelgusida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ikki tomonlama teng manfaatli hamkorlik yoʻnalishlari xususida toʻxtalib, qator takliflarini ilgari surdi. Jumladan, viloyatda har yili oʻrtacha 300 ming tonna atrofida paxta xom ashyosi yetishtirilib, shundan 100 ming tonnadan ziyod paxta tolasi ishlab chiqarilishi, bu esa toʻqimachilik korxonalari quvvatlarini oshirish, “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida sheriklikda ishlash va tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qulay muhit.

    Shuningdek, Buxoro viloyatida qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar ichki imkoniyatlari kengaytirilayotgani hisobidan qorakoʻl terini qayta ishlash va charm-moʻyna sanoatini rivojlantirish, bundan tashqari, hududda qimmatbaho sanalgan 50 dan ortiq yerosti qazilma boyliklari — grafit, bentonit, marmar, granit, gips, oltingugurt, ohaktosh va boshqa xom ashyoga boy tabiiy resurslar konlarini oʻzlashtirish, ulardan qurilish va boshqa sohalar uchun zarur ashyolar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqboli xususida toʻxtalib oʻtildi.

    Qolaversa, koʻp asrlik tarixi, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashganligi, hududda 800 dan ortiq tarixiy va meʼmoriy obida, muqaddas qadamjolar mavjudligini, shuningdek, Qadimiy Buxoro shahri YUNESKO xalqaro tashkilotining sayyohlik markazi sifatida jahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganligini inobatga olib, jadal surʼatlarda rivojlanayotgan sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, ikki davlat oʻrtasida ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.

    Oʻz oʻrnida, Xatay provinsiyasi hokimi Lyutfi Savash samimiy qabul uchun viloyat hokimi va barcha mutasaddilarga oʻz minnatdorligini izhor qildi. Tashrif har ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlishini niyat qilindi.

    Tadbirda qadim va navqiron Buxoroi sharif, shuningdek, unda qad rostlayotgan “Bukhara City” zamonaviy turar joy va ishbilarmonlik majmuasi toʻgʻrisida tayyorlangan videoroliklar namoyish qilindi.

    Mehmonlar zamonaviy kent qurilishida muhtasham mehmonxonalar turkumi hamda madaniy-sogʻlomlashtirish va savdo-koʻngilochar markaziga oʻz loyihalari bilan hissa qoʻshish niyatini bildirdilar, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.