Ammo asl xazina mintaqaning shamolli platolarida yashirin. Issiq oylarda tashrif buyurganlar an’anaviy yog‘och uylarda tabiat qo‘ynida o‘ziga xos dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, Turkiyaning Qora dengiz hududi tarixiy maskanlari, yashirin so‘qmoqlari, o‘ziga xos turmush tarzi, mahalliy taomlari va mazali choyi bilan mashhur.
Tabiat va madaniyat uyg‘unligi
Qora dengizga sayohat Istanbuldan atigi to‘rt soatlik masofada joylashgan Bolu shahridagi yam-yashil Yedigo‘ller milliy bog‘i, Go‘ynuk va Mudurnu kabi Cittaslow shaharlaridan boshlanadi. Karabuk yaqinida joylashgan Safranbolu ham YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, ham Cittaslow shahri hisoblangan Turkiyadagi yagona manzil bo‘lib, u tarixiy yog‘och uylari bilan dunyoga mashhurdir. Kastamonu esa o‘zining nafis saroylari, YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan O‘rta asr Onado‘lisining yog‘och gipostil masjidlaridan biri Mahmut Bey masjidi va sokin Cittaslow shaharchasi Daday bilan ajralib turadi. Mintaqaning yagona tabiiy porti Sinopda tashrif buyuruvchilarni Turkiyaning eng shimoliy nuqtasi bo‘lgan Injeburun, shuningdek, Sinop qal’asi va Gerze o‘ziga tortadi. Mustaqillik urushi boshlangan Samsun shahridagi Qizilirmak deltasida qushlar qo‘riqxonasining boy biologik xilma-xilligini ko‘rish mumkin.
Qora dengizda hordiq chiqaring…
Sharqiy Qora dengiz mintaqasi o‘zining qo‘l tegmagan yassitog‘liklari va plato madaniyati bilan e’tiborni tortadi. Ordu va Giresun shaharlari Nufuzli Lonely Planetning “Best in Travel 2025” ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Orduning Chambashi, Pershembe va Keyfalan kabi mashhur platolari toza havosi va suvi bilan o‘ziga jalb qiladi. Cittaslow shahri bo‘lgan Pershembedagi Yason Burnida qadimgi dunyoning eng mashhur afsonalaridan biri — Yason va Argonavtlarning Qora dengiz bo‘ylab Oltin yungni izlagan sayohati aynan shu yerda yuz bergan. Kumbet, Bektosh va Sis betakror platolari Giresunda joylashgan. Shaharning Kushko‘y qishlog‘ida tashrif buyuruvchilar nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan antiqa hushtak ovozini ham eshitishlari mumkin.
Madaniy va tabiiy boyliklar markazi Trabzon va yam-yashil vodiylari hamda soylari bilan mashhur Rize bebaho tabiiy go‘zalligi bilan maftun etadi. Machka-Solma, Erikbeli, Lustra va Karester yassitog‘liklari Trabzonda kashf qilinadigan eng yaxshi platolar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Sumela monastiri, (Maryam ona monastiri), Trabzon qal’asi va Ayasofya masjidi shaharning tarixiy diqqatga sazovor joylaridan biridir. Rizening Ayder yaylasi va Firtina daryosiga qaraydigan tarixiy Zil qal’asi kabi yam-yashil dam olish maskanlari rafting sarguzashtlari uchun juda mos keladi. Sharqiy Qora dengiz mintaqasidagi so‘nggi bekat Artvin bo‘lib, u yashil vodiylar va baland tog‘lar o‘lkasi sanaladi. YUNESKOning Inson va Biosfera Dasturi (MAB) doirasiga kiruvchi Jamili biosfera qo‘riqxonasi va Shavshat Cittaslow shaharchasi unutilmas taassurot qoldirishiga shak-shubha yo‘q.
Qora dengizning ajoyib oshxona an’analari
Qora dengiz mintaqasi, shuningdek, boy oshpazlik an’analariga ega. Nonushtadagi eng mashhur taom kuymak bo‘lib, u makkajo‘xori unini sariyog‘ va maxsus pishloqda qovurib tayyorlanadi. Karalahana (karam turi) va baliq kabi mintaqaviy mahsulotlar, xususan, mashhur Qora dengizning mayda sho‘r baliqlaridan tayyorlangan taomlarning ta’mi noyobdir. Dunyodagi “eng tabiiy choy” sifatida tanilgan qimmatbaho Rize choyi kundalik hayot va madaniyat markazida turadi va hatto mehmonlar yashil yaylovlardagi choy yig‘im-terim ishlarida ham qatnashishadi. Ordu va Giresunda dunyoning eng yaxshi funduklari ishlab chiqariladi. Samsunning mahalliy pidelarini (go‘shtli non), Safranbolu lokumini yoki Trabzondagi Hamsikoy sutlachini (guruch pudingini) tatib ko‘rishni unutmang!