Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklik koʻrsatkichlari sezilarli darajada oʻsayotganini taʼkidlab, ularni yanada oshirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish yuzasidan yakdil fikr bildirdilar.

Soʻnggi 4 yil ichida oʻzbek — turkman tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshgani, 2021-yilda esa oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilga nisbatan 65 foizni tashkil etgani qayd etildi. 2021-yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tadbirlar yakunlari boʻyicha imzolangan bir qator savdo shartnomalari bugungi kunda hayotga tatbiq etilmoqda.

Ikki mamlakat hududlarida joylashgan ishlab chiqarish obyektlarini jalb qilib sanoat kooperatsiyasini faollashtirish va toʻliq qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Oʻzbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotlarining raqobatbardosh ustunliklari asosida ajratib olingan yangi istiqbolli yoʻnalishlarda sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

Hududlararo hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlari koʻrib chiqildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat hududlari maʼmuriyatlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldilar.

Oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishida tajriba almashish uchun Oʻzbekiston va Turkmaniston vazirlik va idoralari delegatsiyalarining tashriflarini tashkil qilishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarning barcha sohalarida konstruktiv hamkorlikni davom ettirish hamda yuzaga kelayotgan masalalar ustida ishlash va ularni birgalikda hal qilib borish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.