Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisining oʻrinbosari Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi faoliyati bilan tanishdi

    Agrosektor 2 Dekabr 2022 1948

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Annageldi Yazmiradov tashrif buyurdi.

    Mehmonga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyev, qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov va suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayevlar hamrohlik qildi.

    Vazirlikda uning quyi tashkilotlari ishtirokida maxsus koʻrgazma tashkil etilib, vazir oʻrinbosari Alisher Toʻrayev tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida taqdimotlar oʻtkazildi.

    Vazirlik huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazida boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida sohada yoʻlga qoʻyilgan dastur va loyihalar bilan tanishtirildi.

    Oʻz navbatida Turkmaniston tomoni ushbu yoʻnalishda hamkorlikda ishlashni taklif etdi hamda muzokaralar yakunida anglashuv Memorandumini imzolashga kelishib olindi. Ushbu Memorandumga asosan oʻsimliklarni klonial, virussiz in vitro usulida koʻpaytirish boʻyicha Turkmaniston mutaxassislari malakasini oshirish kabi masalalar koʻzda tutilyapti.

    Annageldi Yazmiradov Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi Toshkent davlat agrar universiteti va Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti faoliyati bilan ham tanishdi.

    Toshkent davlat agrar universitetiga tashrif davomida Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti qoshida tashkil etilgan in vitro laboratoriyasi faoliyati va ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻrsatib oʻtildi.

    Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining fakultetlari va unda mavjud kafedralar hamda tayanch doktorantura bosqichida tahsil olayotgan talabalarning bir qator ilmiy ishlari namoyish etildi.

    Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetida tahsil olayotgan talabalar bilan muloqot qilindi. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan birgalikda toʻlaqonli foydalanishga kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.