Buxoro davlat universitetida "O'zbekiston-bag'rikeng diyor" shiori ostida "Rektor va yoshlar" uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Turfa millat vakillari tahsil oladigan muassasada turkmanistonlik talabalar ham salmoqli raqamlarni tashkil etishadi. Bugungi ochiq muloqot davomida BuxDU rektori Obidjon Xamidov et va tirnoqdek qardosh ikki millat — o'zbek va turkman xalqi o'rtasida do'stlik va bag'rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini rivojlantirish xususida gapirib, bitirish arafasidagi talabalarga ezgu tilaklarini yo'lladi.
Uchrashuv mobaynida “O'zbekiston ko'p millatli, mehmondo'st diyor” mavzusidagi ijtimoiy rolik namoyish etildi. Turkmanistonlik bitiruvchi talabalar samarali tahsil uchun BuxDU rektori hamda jamoasiga o'z minnatdorchiliklarini izhor etishdi. Gapirish asnosida ko'zlari yoshlangan talabalar eng og'ir pallalar — pandemiya sharoitida oila a'zolaridan yiroqda bo'lgan chog'larida ham g'amxo'rlikni ayamagan rektor boshchiligidagi mehribon jamoaga rahmat aytishdi. O'zbeklarning mehr-oqibatiga tan berganliklarini ta'kidlashdi.
— Barcha o'qituvchilarimizga bizga ko'rsatgan mehribonchiliklari, bergan bilimlari uchun minnatdorchilik bildiraman, — deydi universitet bitiruvchisi turkmanistonlik Aziza Rustemova. — Talabalik davrimiz juda chiroyli o'tdi, taassurotlarimiz katta. Shunday sharoitda o'qib, universitetni tamomlaganimizdan mamnunmiz. O'zbekiston va Turkmaniston do'stligi abadiy bo'lsin!