Yigʻilishda aholi uchun qulay infratuzilma, sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlar, yuqori daromadli ish oʻrinlari hamma shaharlarda ham birdek rivojlanmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Mutasaddilar aholi punktlarining bosh rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni oʻz holiga tashlab qoʻygani tanqid qilindi.
Bosh rejasi bor hududlarda ham qurilish ishlari pala-partish tashkil etilmoqda, Qurilish vazirligida buni nazorat qiladigan tizim ishlamayapti, dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, ayrim joylarda noqonuniy qurilishlar aniqlanmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida 4 mingga yaqin bunday holat aniqlangan.
Shuningdek, soʻnggi ikki yilda koʻp qavatli uylarga tutash maydonlarda 7 mingdan ortiq oʻzboshimcha qurilish boʻlgan, yana 5 mingta holatda umumiy foydalanishdagi joylarni toʻsib olingan.
Hududlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida koʻp qavatli uylar atrofida noqonuniy avtomobillar uchun toʻxtash joylari qilib, “blokator”lar oʻrnatish avj olmoqda.
Umuman, koʻchalarning yagona qiyofasiga amal qilish tizimi yoʻqligi, masalan, turli uslubdagi binolar yonma-yon qurilib, shaharlarning arxitektura qiyofasi buzilayotgani qayd etildi.