“Turonbank” aktivlari 23,8 foizga oshdi

    Oʻzbekiston moliya bozorida 33-yildan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bugungi kunda 622 ming nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli xizmat koʻrsatib kelmoqda.

    Oʻtgan 2023-yilda tijorat banki fuqarolarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish, biznes egalarining istiqbolli loyihalarini qoʻllab – quvvatlash, yangi mahsulotlarni amaliyotga tadbiq etish boʻyicha samarali ishlarni olib bordi.

    2024-yilning 1-yanvar holatiga bankning jami kapitali 1 trln. 897 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Ayni shu davrda aktivlar 15 trln. 939 mlrd. soʻmga yetib, 23,8 foizga oshdi. Shuningdek, oʻtgan 2023-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan jalb qilingan depozitlar miqdori 4 trln. 661 mlrd. soʻmga yetdi. Bu oʻtgan yil bilan solishtirganda 33,5 foiz koʻp demakdir. Jami kredit qoʻyilmalari esa 11 trln. 894 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 26%ga oʻsdi.

    Bundan tashqari, hisobot davrida biznes egalarini moliyaviy qoʻllab – quvvatlash maqsadida bank tomonidan 3 trln. 202 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratildi. Shundan kichik biznes subyektlariga 1 trln. 437 mlrd. soʻm, ayollar tadbirkorligiga 86 mlrd. soʻm, yoshlarning startaplarini amalga oshirish uchun 82 mlrd. soʻm va boshqa qator yoʻnalishlarning mablagʻlar yoʻnaltirildi.

    Yirik korporativ mijozlarning istiqbolli biznes loyihalarini amalga oshirish uchun esa Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Turkiyaning Eksimbanki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, Xitoyning Eksimbanki, Germaniyaning “AKA” banki, Chexiyaning CSOB banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik yanada faollashtirildi.

    Ular orqali “Qishloq xoʻjaligi”, “Chorvachilikni rivojlantirish”, “Oziq – ovqat mahsulotlarini qayta ishlash”, “Toʻqimachilik va tekstil”, “Meva – sabzavotchilik tarmogʻini rivojlantirish”, “Turizm”, “Xizmatlar sohasi” hamda “Hunarmandchilik” kabi oʻnlab yoʻnalishlarga xorijiy kredit liniyalari oʻzlashtirildi. Xususan, hozirgi kunga qadar 1000 dan ortiq loyihalarga 270 mln. AQSH dollarlik mablagʻ ajratildi.

    “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki oʻtgan 2023-yilda endigina oʻz biznesini boshlayotgan yoki kapitallashuv darajasini oshirish istagida boʻlgan kichik biznes subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham bir qator manfaatli xizmatlarni taklif etdi.

    Xususan, “Aylanma mablagʻlarni toʻldirish”, “Ishlab chiqarishni qoʻllab - quvvatlash”, “Mikrokreditlash”, “Invest loyihalarni rivojlantirish”, tender savdolarida qatnashishlari uchun “Bank kafolati”, “Eksport amaliyotlarini bajarish” hamda quyosh panellari uchun “Eko panel” nomli mahsulotlari shular jumlasidandir.

    Shu bilan birga, yuridik shaxslarning boʻsh turgan sarmoyalarini yuqori foyda bilan xavfsiz koʻpaytirish maqsadida milliy valyutada 20%dan, xorijiy valyutada esa 7%dan depozitlar taklif etilmoqda. Qolaversa, ishbilarmonlarimizning vaqtlari va mablagʻlarini tejash maqsadida, bank tomonidan ular uchun hisobraqamlarga masofadan xizmat koʻrsatuvchi maxsus “TuronBusiness” mobil ilovasi, “SMS va Internet banking” xizmati hamda “One Touch” singari innovatsion dasturlar ham ishga tushirilgan. Bugungi kunda mazkur kulaylikdan qariyb 48 ming nafar yuridik mijozlar foydalanishmoqda.

    Qolaversa, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va plastik kartochkalar emissiyasini koʻpaytirish boʻyicha 2023-yilda 599 ming 162 dona milliy valyutadagi plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan boʻlib, shundan 371 ming 710 donasi “UzCard” va 227 ming 452 tasi “Humo” tizimidagi plastik kartochkalar hisoblanadi.

    Shu bilan birga, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 3 mingga yaqin “Visa” hamda 15 ming 299 ta “MasterCard” xalqaro plastik kartochkalarini ham fuqarolarga ochib berdi. Mazkur plastik kartochkalardagi pullarni naqdlashitirish, kirim qilish va boshqa amaliyotlar uchun butun Respublika boʻyicha 144 ta “UzCard”, 132 ta “Humo” va 63 dona valyuta ayirboshlash xususiyatiga ega bankomatlar ishlab turibdi.

    Yana bir jihatni qoʻshimcha qilish lozim. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022-yilda bankning yangi “MyTuron” mobil ilovasining yangilangan talqinini ishlab chiqdi. Yangi dizayn, zamonaviy interfeys va koʻplab bank xizmatlarini oʻzida jamlagan ilovani 2023 yakunlari boʻyicha 150 mingdan ortiq foydalanuvchilar yuklab olishdi va indentifikatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtishdi. “MyTuron” mobil ilovasida bir necha daqiqa ichida onlayn mikroqarz olish, “UzCard”, “Humo”, “Visa” va “Mastercard” plastik kartalariga buyurtma berish, “Humo Virtual” kartasini bepul ochish kabi koʻplab funksiyalar mavjud.