Endi fuqarolar bangga bormaydi, aksincha bank ularning yoniga boradi.
2025-yil 12-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti hamda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida talabalar uchun muhim ahamiyatga ega uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi bosqichda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi. Shuningdek, Turonbankning mas’ul xodimlari va Markaziy bank ekspertlari tashrif buyurib, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — talabalarning moliyaviy savodxonligini oshirish, ularda zamonaviy moliyaviy qarashlarni shakllantirish, kelgusida to‘g‘ri kasbiy yo‘nalish tanlashlari uchun motivatsiya berish hamda iqtisodiyot sohasiga qiziqishini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Moliyaviy savodxonlik — zamonaviy bilimning muhim qismi
Dastlab tadbir ishtirokchilariga moliyaviy savodxonlik tushunchasi va uning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Markaziy bank va Turonbank vakillari talabalarga shaxsiy moliyani to‘g‘ri boshqarish, mablag‘ni to‘g‘ri taqsimlash, to‘g‘ri sarmoya kiritish, kredit va depozit xizmatlaridan oqilona foydalanish borasida amaliy misollar bilan tushuntirishdi.
Jumladan, "Turonbank" ATB Toshkent shahar BXM rahbari R.X.Mahmudov bank rahbariyati nomidan so‘zga chiqib, bank tizimida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, JIDUdan tanlab olingan 10 dan ortiq talabalar hozirning o‘zidayoq rasmiy ravishda ish boshlagan. U kelajakda iqtisodiyot sohasi uchun bilimli va salohiyatli kadrlar zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga, talabalar moliyaviy savodxonlikning nafaqat shaxsiy hayotda, balki kelgusida ularning mutaxassis sifatida faoliyatida ham katta ahamiyatga ega ekaniga amin bo‘lishdi. Zamonaviy iqtisodiyotda raqobatbardosh bo‘lish uchun yosh avlodning moliyaviy bilimlarga ega bo‘lishi ayni muddao ekani ta’kidlandi.
Savol-javob va ochiq muloqot
Uchrashuv jarayoni qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi. Xususan, Chakana biznes departamenti direktori A.K. Talipov esa moliyaviy barqarorlik hamda turli moliyaviy xavf-xatarlarga aldanmaslik borasida maxsus trening o‘tkazdi. Trening davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda va bank tizimi, moliyaviy xizmatlar, bozor iqtisodiyotida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyatlar haqidagi savollariga ham ekspertdan batafsil javob olishdi.
Talabalarning faolligi, qiziqish bilan ishtirok etishlari tadbirga alohida ruh baxsh etdi. Bu esa yoshlar nafaqat nazariy bilim olish, balki amaliyotda qo‘llaniladigan bilim va ko‘nikmalarga ham katta qiziqish bildirishlarini ko‘rsatdi.
“Kelajak mutaxassisligim” mavzusida motivatsiya
Anjuman davomida talabalarga “Kelajak mutaxassisligim” mavzusida motivatsiya berildi. Mutasaddilar har bir yosh o‘z kasbini sevib tanlashi, u sohada professional darajaga erishishi va eng muhimi, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shishi zarurligi haqida fikr bildirdi.
Yoshlar uchun kasb tanlashda mas’uliyatli bo‘lish, o‘z ustidan ishlash, zamonaviy bilimlarni egallash va yangicha g‘oyalar bilan chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Turonbankning yoshlarga qaratilgan dasturlari
Tadbirda alohida ta’kidlangan muhim jihatlardan biri Turonbank tomonidan amalga oshirilayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda bank 200 nafar talabaga maxsus stipendiya ajratgan. Stipendiya egalari bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham ishlash imkoniyatiga ega. Ular nafaqat moliyaviy ko‘mak olishadi, balki ish jarayonida amaliy tajriba to‘plab, kelgusi faoliyati uchun zarur ko‘nikmalarni ham egallab borishadi.
Shuningdek, tadbirda Turonbank stipendiyasiga ega bo‘lgan talabalarga esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Innovatsion loyiha —tezkor mobil bank ofisi
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Turonbankning innovatsion tashabbuslari bilan ham tanishishdi. Jumladan, bank tomonidan yaratilgan tezkor mobil ofisi barcha tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Avtomobil ichida joylashtirilgan mazkur ofis zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, unda barcha turdagi bank xizmatlari ko‘rsatiladi. Endi fuqarolar bangga bormaydi, aksincha bank ularning yoniga boradi. Bu esa aholi uchun katta qulaylik va zamonaviy xizmatlardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, JIDUda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv talabalar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Tadbir orqali ular moliyaviy savodxonlik bo‘yicha qimmatli bilimlarga ega bo‘ldilar, o‘zlarining kelgusidagi kasbiy yo‘nalishlari haqida motivatsiya va to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq olishdi.
Markaziy bank va Turonbankning bunday tashabbuslari yoshlarning nafaqat moliyaviy bilimlarini oshirish, balki ularning kelajakda o‘z sohasining haqiqiy mutaxassisi bo‘lib yetishishida ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Zulxumor AKBAROVA
Reklama