Mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Transport vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli bugungi kunda davlatlar oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar toʻxtatilgan. Xorijdagi fuqarolarni Vatanga olib kelish uchun esa Pyespublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq repatriatsion reyslar tashkil etilmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 7-iyuldagi 33-son bayoniga muvofiq “Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasiga(dan) yoʻlovchi tashish boʻyicha xalqaro aviatashuvlarni tashkil etish toʻgʻrisida” vaqtinchalik tartib tasdiqlangan.
Mazkur tartibga muvofiq karantin davrini faqatgina mehmonxonalarda oʻtkazish sharti bilan turoperatorlar yoki aviakompaniyalarning murojaatiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni sanitariya-epidemiologiya talablariga qatʼiy rioya qilgan holda oldindan fuqarolarni mehmonxonagacha kuzatuv va mehmonxonada joylashtirish xizmatlarini tashkil qilish hisobiga respublikaning barcha xalqaro aeroportlari orqali yetkazib kelish boʻyicha charter qatnovlarini tashkil qilishga ruxsat berilgan.
Bunda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi turoperatorlar tomonidan mamlakatga olib kelinayotgan yoʻlovchilarning karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda mehmonxonaga joylashtirilishini toʻliq nazorat qiladi. Turoperatorlar tomonidan aeroport va chegara oʻtkazish punktlari orqali tashkil qilinayotgan tashish va 10 kunlik karantinga joylashtirish xizmatlari uchun toʻlovlar oldindan kelishilishi belgilangan.
Turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan charter qatnovlarining Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq tashkil etilayotgan repatriatsion reyslarga aloqasi yoʻq.
Turoperatorlar va aviakompaniyalar tomonidan tashkil etilayotgan charter reyslarining nisbatan qimmatligi quyidagi omillar bilan bogʻliq;
- Qatnov amalga oshirilayotgan davlatning talabi bilan aksariyat hollarda parvozning bir tomonga boʻsh (yoʻlovchilarsiz)amalga oshirilayotgani;
- samolyotlarning ijara puli;
- yoʻnalish masofasi va nechta davlatlar havo kengligi hududlaridan uchib oʻtishi;
- aeronavigatsion xizmatlar;
- aeroport yer usti xizmatlari va yigʻimlari;
- olib kelingan yoʻlovchilarni aeroport hududidan mehmonxonaga transportda yetkazib qoʻyish;
- mehmonxonada karantin qoidalariga rioya etgan holda boʻlishni nazorat qilishni tashkil etish;
- tibbiy va sanitariya xizmati xarajatlari;
- PZR test sinamalarini olish qiymati va boshqa moliyaviy xarajatlar, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.