“TVEL” yoqilg'i kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi

    Hujjat tadqiqot reaktori uchun modifikatsiyalangan yadro yonilg'isini yetkazib berishni ko'zda tutadi.

    Rosatomning “TVEL” yonilgʻi kompaniyasi va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi instituti oʻrtasida VVR-SM tadqiqot reaktori uchun modifikatsiyalangan yadro yonilgʻisini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolandi.

    Novosibirsk kimyo konsentratlar zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan zich uranli va uran-kremniy yonilgʻisi ilgari Oʻzbekistonga yetkazib berilgan standart IRT-4M yonilgʻi kassetalariga qaraganda yuqori darajadagi isteʼmol xususiyatlariga ega. Uranning yuqori konsentratsiyasi tufayli yonilgʻi kampaniyasining davomiyligini mutanosib ravishda oshirishni taʼminlash mumkin.

    Oʻzbekistonga yonilgʻi yetkazib berish jarayoni, Yonilgʻi kompaniyasi tomonidan 2022 va 2023-yillar davomida amalga oshiriladi.

    — Shuni taʼkidlash joizki, ilmiy-tadqiqot muassasalari, katta quvvatli AESlar hamda barcha buyurtmachilarimiz uchun biz doimo yuqori sifatli yadro yonilgʻisini joriy etish orqali reaktor samaradorligini oshirish borasida yangi yechimlarni ishlab chiqmoqdamiz. Oʻzbekistondagi strategik hamkorlarimiz uchun biz nafaqat yonilgʻi taʼminotini amalga oshirishga, balki bugungi kunda mazkur turdagi reaktorlarni oʻrnatishning eng zamonaviy usullarini ham taklif qilishga tayyormiz, — dedi “TVEL” OAJ savdo va xalqaro biznes boʻyicha katta vitse-prezidenti Oleg Grigorev.

    Rosatom TVEL (Rosatom Davlat korporatsiyasining yonilgʻi boʻlimi) yonilgʻi kompaniyasi yadro yonilgʻisini ishlab chiqarish, uranni konversiya qilish va boyitish, gaz sentrifugalarini ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va loyihalash tashkilotlarini oʻz ichiga oladi.

    Rosatomning yonilgʻi boʻlimi dunyodagi eng yirik boyitilgan uran ishlab chiqaruvchisi, shuningdek, global barqaror izotoplar bozorining yetakchi tashkilotlaridan biri hisoblanadi.

    — Rosatomning “TVEL” yonilgʻi kompaniyasi delegatsiyasining tashrifi natijalaridan mamnunman. Shuningdek, tashkilotlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida juda qizgʻin muzokaralar oʻtkazdik. Yonilgʻi kompaniyasi va institutimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik darajasini mustahkamlash va yaxshilashga ishonchim komil, — deydi Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi instituti direktori Ilxom Sodiqov.