Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 656-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom hamda tyutorlik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan.
Nizom bilan:
- tyutorlik faoliyatining maqsad va vazifalari;
- tyutorlarning huquq va majburiyatlari;
- tyutorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish hamda tyutorlarga qoʻyiladigan malaka talablari;
- tyutorlik faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi belgilab qoʻyildi.
Shuningdek, chora-tadbirlar rejasiga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarida quyidagilar amalga oshiriladi.
2025-yilda:
- har bir kurs vakillaridan iborat “Kurs qoʻmitalari” faoliyati tashkil etilib, talabalarning muammolari va qiziqishlari doimiy oʻrganiladi;
- talabalar bildirgan fikrlar asosida “Muammolarni bartaraf etish dasturi” ishlab chiqiladi;
- talabalar uchun maxsus ijtimoiy platforma va mobil ilovalar yaratiladi;
- medialaboratoriyalar faoliyati tashkil etiladi;
- “Yetakchi va faol talabalar maktabi” tashkil etiladi;
- “Bir ziyoli — 10 talabaga maʼnaviy ustoz” tizimi joriy etiladi;
- musiqa va raqqoslik ansambllari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
- 2025/2026 oʻquv yili davomida “Oʻzbekiston Qahramonlari” darslari tashkil etiladi.
2026-yilda:
- “Amir Temur vorislari” sport koʻrik-tanlovini oʻtkazish nizomi ishlab chiqiladi;
- har bir hududdagi bitta OTMda “Harbiy sport maydonchalari” tashkil etiladi;
- tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash indikatorlari ishlab chiqilib, reyting tizimi joriy etiladi;
- eng yuqori reytingga ega tyutorlarni ragʻbatlantirish, past koʻrsatkichli tyutorlarga nisbatan taʼsir choralari koʻrish mexanizmi joriy etiladi;
- eng samarali faoliyat yuritgan tyutorlar xorijga tajriba almashish uchun yuboriladi;
- tyutorlar faoliyatini monitoring qilish imkonini beruvchi raqamli platforma yaratiladi.
Bundan tashqari, har yili “Eng yaxshi tyutor” tanlovi oʻtkaziladi.









