Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 656-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom hamda tyutorlik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan.

Nizom bilan:

  • tyutorlik faoliyatining maqsad va vazifalari;
  • tyutorlarning huquq va majburiyatlari;
  • tyutorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish hamda tyutorlarga qoʻyiladigan malaka talablari;
  • tyutorlik faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, chora-tadbirlar rejasiga koʻra oliy taʼlim tashkilotlarida quyidagilar amalga oshiriladi.

2025-yilda:

  • har bir kurs vakillaridan iborat “Kurs qoʻmitalari” faoliyati tashkil etilib, talabalarning muammolari va qiziqishlari doimiy oʻrganiladi;
  • talabalar bildirgan fikrlar asosida “Muammolarni bartaraf etish dasturi” ishlab chiqiladi;
  • talabalar uchun maxsus ijtimoiy platforma va mobil ilovalar yaratiladi;
  • medialaboratoriyalar faoliyati tashkil etiladi;
  • “Yetakchi va faol talabalar maktabi” tashkil etiladi;
  • “Bir ziyoli — 10 talabaga maʼnaviy ustoz” tizimi joriy etiladi;
  • musiqa va raqqoslik ansambllari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
  • 2025/2026 oʻquv yili davomida “Oʻzbekiston Qahramonlari” darslari tashkil etiladi.

2026-yilda:

  • “Amir Temur vorislari” sport koʻrik-tanlovini oʻtkazish nizomi ishlab chiqiladi;
  • har bir hududdagi bitta OTMda “Harbiy sport maydonchalari” tashkil etiladi;
  • tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash indikatorlari ishlab chiqilib, reyting tizimi joriy etiladi;
  • eng yuqori reytingga ega tyutorlarni ragʻbatlantirish, past koʻrsatkichli tyutorlarga nisbatan taʼsir choralari koʻrish mexanizmi joriy etiladi;
  • eng samarali faoliyat yuritgan tyutorlar xorijga tajriba almashish uchun yuboriladi;
  • tyutorlar faoliyatini monitoring qilish imkonini beruvchi raqamli platforma yaratiladi.

Bundan tashqari, har yili “Eng yaxshi tyutor” tanlovi oʻtkaziladi.