“D” guruhidagi oʻyinlar bilan musobaqaning guruh bosqichiga yakun yasaladi. Kun davomida Saudiya Arabistoni hamda Yaponiya “JAR” stadionida, shuningdek, Xitoy hamda Qirgʻiziston terma jamoalari esa “Lokomotiv” stadionida oʻzaro hisob-kitob qilib olishadi.
Oʻyinlar Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.
Ushbu turdan oldin kunchiqar yurt vakillari yuz foizlik natija bilan 6 ochkoga ega chiqqani xolda guruh peshqadami boʻlib turibdi. Saudiya Arabistoni va Xitoy hisobida 3 ochkodan mavjud, lekin xitoyliklar oʻzaro toʻplar nisbatiga koʻra 2 pogʻonadan joy olgan, saudiyaliklar esa 3 oʻrinni band etishgan. Qirgʻiziston esa birorta ham ochkosi yoʻqligi hisobiga oxirgi oʻrinda boryapti.
Eslatib oʻtamiz, dastlabki ikki oʻyinda Suriya (2:0) va Iroqni (1:0) magʻlub etgan Oʻzbekiston “A” guruhi soʻnggi turida Indoneziya bilan nursiz durangga imzo chekdi. Shu tariqa termamiz 7 ochko bilan keyingi bosqich masalasini ishonchli hal etishdi.