Osiyo futbol konfederatsiyasi yurtimizda boʻlib oʻtgan U-20 Osiyo kubogi boʻyicha tibbiy xulosasini taqdim etdi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston — Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvda terma jamoamizning bir nafar futbolchisi - Shahriyor Jabborovda taʼqiqlangan modda aniqlangan. Ushbu tekshiruv “A”, yaʼni birinchisi hisoblanib, undan soʻng “B” qoʻshimcha tekshiruvi oʻtkaziladi. Aynan ikkinchi tekshiruvdan soʻng yakuniy qaror chiqariladi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati boshchiligida mazkur holatni toʻliq oʻrganib chiqish yuzasidan ichki tekshiruv boshlangan. Unda futbolchi, tibbiy qoʻmita mutaxassislari, terma jamoa hamda klub shifokorlari ishtirok etishmoqda.
Dastlabki taxminlarga koʻra, Jabborov ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar isteʼmol qilgan boʻlishi ehtimoli oʻrganib chiqilmoqda.
Shuni taʼkidlash kerak, turnir davomida Oʻzbekiston U-20 terma jamoasining aksariyat futbolchilari doping tekshiruvdan oʻtgan va hech kimda taʼqiqlangan vositalar aniqlanmagan.
Tekshiruv natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar rasmiy sahifalarimiz orqali eʼlon qilinadi.