Unda O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, faxriy jurnalistlar, shuningdek, mazkur sohada tadqiqot olib borayotgan professor-o'qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

“O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi: zamon bilan hamqadam” nomli kitob-al`bomi O'zMTRKning tarixi va bugungi kundagi faoliyatiga bag'ishlangan bo'lib, asosan, tarixiy fotosuratlar, aniq fakt va raqamlar yordamida tizimdagi teleradiokanallar va korxonalarning rivojlanish bosqichlari, mustaqillik yillarida qo'lga kiritilgan yutuqlar, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar aks etgan.

“Televidenie mening taqdirimda” nomli ilmiy-ommabop to'plamda o'zbek teleradiojurnalistikasi tarixi va buguniga oid turkum maqolalar, shuningdek, esse, ocherk va badialar jamlangan.  O'zMTRK tizimida faoliyat olib borgan ustoz jurnalist va rejissyorlar, tasvirchi va prodyusserlar, shuningdek, texnik xodimlarning go'zal xotiralari o'rin olgan.

Xususan televidenieda o'ziga xos rejissyorlik maktabini yarata olgan O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi Mahkam Mahammedov, O'zbekiston televideniesining afsonasi, O'zbekiston Respublikasi xalq artisti Galena Mel`nikova, o'ziga xos diktorlik maktabini yaratgan oliy toifali suxandon Nasiba Ibragimova, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist, ilk siyosiy sharhlovchilardan biri Tursun Qoratoev, “Bir o'lkaki...”, “O'zanini topar daryolar”, “Mening o'lkam” kabi ko'rsatuvlar muallifi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Farhod Bobojonov kabi o'nlab ustoz ijodkorlarning teleradiokompaniya bilan bog'liq xotiralari bugungi avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o'taydi. Shuningdek, jurnalistika yo'nalishi bo'yicha tahsil olayotgan talabalar va keng kitobxonlar uchun mo'ljallangan mazkur to'plamdan yosh ijodkorlar – jurnalist va rejissyorlarning ham fikr-mulohazalari, esse va badialari o'rin olgan.

“Radio va televidenie” nomli kitobda teleradio jurnalistikasining tadrijiy taraqqiyot bosqichlari, janr xususiyatlari hamda o'z davrida mazkur sohaga ulkan hissa qo'shgan va qo'shayotgan jurnalist, rejissyor, diktor-boshlovchilar hayoti va ijodi, shuningdek, bugungi kunda yurtimizda faoliyat ko'rsatayotgan davlat va nodavlat teleradiokanallar haqida so'z boradi.

Kitob kirish va 5 asosiy bobdan iborat bo'lib, birinchi bob bevosita radio tarixi, uning taraqqiyot bosqichlariga bag'ishlanadi. Unda yurtimizda radioning paydo bo'lishi, rivojlanish bosqichlari va radiokanallarning bugungi faoliyati batafsil tahlil etilgan.

Ikkinchi bob “Televideniening paydo bo'lishi va evolyutsiyasi” deb nomlanib, Toshkentda televizorning ixtiro qilinishidan tortib, ilk teledasturlar, ilk jurnalist va rejissyor, tasvirchilar faoliyati, shuningdek, telejurnalistik janrlar tasnifi hamda tadriji aks ettirilgan. Bunda tarixiy faktlar va olimlarning ilmiy-nazariy qarashlaridan o'rinli foydalanilgan.

Uchinchi bobda televideniening mustaqillik yillaridagi faoliyati telekanallar misolida ochib berilgan. Shuningdek, yangi O'zbekiston davri telejurnalistikasida yangicha texnologik o'zgarishlar, xalqaro aloqalarning samarasiga ham to'xtalib o'tilgan.

Radio va televidenie ijodkorlari avtobiografiyasiga bag'ishlangan to'rtinchi bob endigina jurnalistikaga qadam qo'yayotgan ijodkorlar uchun, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Kitobning oxirgi bobida radiojurnalistik janrlardan namunalar keltirilgan. Bugun eng faol qo'llanilayotgan radiojanrlarning amaliy va ilmiy-nazariy ahamiyati ochib berilgan.

Taqdimotda bugungi kunda ko'pgina oliy o'quv yurtlari, ilmiy tadqiqot markazlari, nodavlat tele va radiokanallar xodimlari, mustaqil izlanuvchilar O'zMTRK bilan doimiy ilmiy hamkorlik qilish istagini bildirayotgani, keyingi yillarda nafaqat kompaniya xodimlari, balki, turli ilmiy muassasa tadqiqotchi-olimlari tomonidan ilmiy-monografik asarlar nashr etilayotgani alohida qayd etib o'tildi. Kelgusida O'zMTRK faoliyatini ilmiy tadqiq etishga yo'naltirilgan bunday ishlar ko'lamini yanada kengaytirish, sohaga doir fundamental tadqiqotlar hajmini oshirish, rag'batlantirish, ilmiy tadqiqot natijalaridan olingan xulosalarni amaliyotga keng joriy etish mexanizmini yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekiston milliy teleradiokompaniya huzurida “Radio va televidenie” ilmiy-tadqiqot kengashi tashkil etilayotgani to'g'isida ma'lumot berib o'tildi.

Qayd etilishicha, mazkur kengash radio va televidenie faoliyatini ilmiy tadqiq etishga yo'naltirilgan tadqiqotlarini yangi bosqichga olib chiqishga ko'mak berish, olimlarning ushbu sohaga oid ilmiy faoliyat olib borishi uchun keng  shart-sharoitlar yaratish kabi maqsadlarni qamrab oladi.