Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu holat joriy yilning 11-mart kuni taxminan soat 21:30 atrofida Mirobod tumani hududida sodir boʻlgan. Muqaddam bir necha marotaba MJtKning moddalari bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan X.A. oʻzining uch nafar voyaga yetmagan farzandidan foydalanib, tilanchilik bilan shugʻullangani aniqlandi.
Mazkur huquqbuzarlikni toʻxtatish va qonuniy chora koʻrish maqsadida PPX xodimlari ushbu ayolni yaqin oradagi IIBga taklif qilgan. Biroq fuqaro IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro X.A.ga nisbatan MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik), 188-3-moddasi (tilanchilik qilish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Uch nafar voyaga yetmagan bolaning huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam koʻrsatish maqsadida Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirish choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, videotasvirda aks etgan holatda xodimlarning harakatiga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangani maʼlum qilindi.