Uch viloyatda 11 kilodan ortiq giyohvandlik moddalari savdosiga chek qoʻyildi

    Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 11 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Maʼlumotlarga koʻra, mazkur giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kirilgan.

    Samarqand viloyatining Urgut tumanida 1998-yilda tugʻilgan shaxs 8 kg 860 gr “opiy” moddasini kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtishga uringan paytda chegara qoʻriqchilari tomonidan toʻxtatilgan. U giyohvandlik vositasini tashlab qochgan boʻlsa-da, tezkor harakatlar natijasida qoʻlga olingan. Tergov davomida uning sherigi ham aniqlanib, ushlangan.

    Surxondaryo viloyatida esa Denov tumanidagi ikki fuqaroning 1 kg 514 gr “opiy” moddasi savdosi bilan shugʻullangani fosh etildi. Ularning biri avval ham giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyat uchun sudlangani maʼlum boʻldi.

    Xorazm viloyatining Gurlan tumanida 1952-yilda tugʻilgan, ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gramm “gashish”ni 14 ming AQSH dollariga sotish paytida qoʻlga olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv natijalariga koʻra, barcha holatlar boʻyicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.