Unda texnopark rezidentlari, tadbirkorlar, ekspertlar, yosh olimlar va soha mutahassislari qatnashdi.

Bugunga qadar “Yashnobod” innovatsion texnoparkida 47 ta loyiha rezident maqomini olgan. Ular kimyo texnologiyalari, biotexnologiyalar, farmatsevtika va tibbiyot biotexnologiyalari, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yuritmoqda.

Texnopark yuqori texnologiyalar rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish, ilmiy, texnologik va innovatsion tadbirkorlikning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, kichik innovatsion korxonalarni tashkil etish, raqobatbardosh, yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan.

Tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev ochib berdi.

Tadbir davomida faol rezidentlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. “Eng faol rezident”, “Eng yaxshi innovatsion mahsulot”, “Eng yosh jamoa”, “Eng yaxshi kreativ loyiha”, “Eng namunali rezident”, “Yuqori texnologiyali rezident” , “Zamonaviy loyiha”, “Tashabbuskor rezident”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyalari gʻoliblari eʼtirof etildi.