Xalq ta'limi vazirligi tomonidan besh tashabbusning har bir yo'nalishi bo'yicha sezilarli ishlar bajarildi. Jumladan, birinchi tashabbus doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumiy o'rta ta'lim maktablarida tajriba-sinov tariqasida 2 ming 108 ta havaskor yoshlar teatr-studiyasi tashkil etildi. Ularga 224 ming 504 nafar o'quvchi jalb qilindi.
Yurtimiz umumta'lim maktablarining tasviriy san'at va musiqa yo'nalishidagi to'garaklariga 1,1 million o'quvchi qamrab olindi. Bolalarning karantin davridagi bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida o'tgan yili Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi “Besh tashabbus uyimizda”, “Rasmlar tanlovi”, “Yosh kitobxon — 2020”, “Onlayn to'garak” sahifalari tashkil etildi hamda 70 dan ortiq turli aktsiya va ko'rik-tanlov o'tkazildi.
Ikkinchi tashabbus — yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishiga zarur sharoit yaratish uchun xalq ta'limi tizimidagi 10 ming 8 ta umumta'lim maktabining 7 ming 700 tasida sport zali, shuningdek, 29 ming 73 ta basketbol, voleybol, futbol, gandbol, mini-futbol uchun mo'ljallangan maydoncha va tennis kortlari mavjud. 1,2 million nafarga yaqin o'quvchi sportning o'n to'rt turi bo'yicha sport to'garaklariga jalb qilingan.
Uchinchi tashabbus doirasida aholi va yoshlar o'rtasida komp`yuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Vazirlik tizimidagi umumta'lim maktablarida 15 ming 906 ta komp`yuter sinfi mavjud. Shundan 9 ming 26 tasi (57 foizi) komp`yuter texnikasi bilan ta'minlangan. Hozirgacha 8 ming 891 ta (89 foiz) maktab yuqori tezlikdagi internetga ulandi. Bugungi kunda internet tarmog'i borgan umumta'lim muassasalari “EDUCATION” tarifiga ulangan va maktabda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, 10/40/100 Mbit/s tezlikda ishlaydi. Bu zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda dastlabki qadamlar qo'yilganidan dalolat.
Shu kungacha xalq ta'limi tizimida 20 dan ziyod axborot tizimi va resurslari ishlab chiqilgan. Ayni paytda ular amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. Ta'lim jarayonida innovatsion shakl va usullardan samarali foydalanish, umumiy o'rta ta'lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, sinflar miqyosida barcha mavzular bo'yicha videodarslar bazasini yaratish maqsadida Maktab.uz masofaviy ta'lim platformasi ishlab chiqilgan. Hozir kontent yaratish ishlari bajarilyapti.
Axborot resurslari orqali o'quvchilarning bilimini mustahkamlash uchun Edu market, Edu kids, kitob.uz platformalari joriy qilingan. Ayni paytda bu resurslar takomillashtirilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan muhim ishlardan yana biri bu — har bir viloyatda bittadan axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarning tashkil etilishi. Shu yil yakuniga qadar bunday maktablar sonini 85 taga etkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 215 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabidagi 1 ming 17 ta texnika, konstruktorlik va dasturlash to'garagiga 27 ming 617 nafar bola qamrab olindi. Jumladan, Toshkent shahri “Barkamol avlod” bolalar maktabi va Yashnobod tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Robokids”, Mirzo Ulug'bek va Shayxontohur tumanlarida “TRANSFORMERS education” o'quv markazlari bilan hamkorlikda robototexnika, muhandislik va dasturlash to'garaklari yo'lga qo'yildi.
Umumta'lim maktablarida dasturiy ta'minot va IT sohasini hamda o'quvchilar o'rtasida sog'lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida 2020 yilda “Yilning eng yaxshi dasturchisi” respublika tanlovi tashkil etildi. Ushbu tanlovda 180 nafar o'quvchi ishtirok etib, ulardan eng yaxshi deb topilgan uch nafari g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Kelgusida 215 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida dasturlash xonalari tashkil etilib, zamonaviy komp`yuter texnikasi va mebellar bilan ta'minlanadi.
Shu bilan birga, 2021-2022 yillarda 2 ming 300 ta umumta'lim maktabida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to'garaklarini tashkil etish rejalashtirilyapti.
To'rtinchi yo'nalish doirasida o'quvchilarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish, ular o'rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun xalq ta'limi tizimida faoliyat ko'rsatayotgan Respublika bolalar kutubxonasi, 12 ta bolalar kutubxonasi hamda 9 ming 984 ta maktab kutubxonasida jami 15,1 million nusxa adabiyot fondi mavjud. Ularning 7,8 million nusxasi lotin alifbosidagi kitoblardir. Kitob fondining 400 ming 485 tasi elektron adabiyotdan iborat. Hozir 3,1 million nafar o'quvchi kutubxonaga a'zo.
Beshinchi yo'nalish bo'yicha umumta'lim muassasalarida “Qizlarjon”, “Orasta qizlar”, “Mohir qo'llar” to'garaklari tashkil etilgan. Ayni paytda 491 ming 359 nafar qiz bu to'garaklarda oilaga tayyorgarlik bo'yicha bilim va ko'nikmalarni egallayapti.
Besh tashabbus oddiy harakat emas. Bir kunda yuqori natija sezilmasligi ham mumkin. Biroq hademay hayotimizga kirib kelgan yangi avlod mutaxassislari o'zlari erishgan muvaffaqiyatlarga mustahkam asos sifatida besh tashabbusni tilga olishi, shubhasiz. Zero, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyoda yoshlarimizning ma'naviy immunitetini mustahkamlash, ularning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish har qachongidan ham dolzarbroqdir. YOshlarni ommaviy madaniyatning turli ko'rinishlaridan asrash hamda ularning hayotda o'z fikri, qat'iy pozitsiyasiga tayanuvchi vatanparvar insonlar bo'lib voyaga etishlarini maqsad qilgan holda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus bugun mamlakatimiz kelajagi bo'lmish yoshlar uchun ayni kelajak yo'lini maqsadli belgilab olishida muhim poydevor vazifasini o'tamoqda.
Sherzod SHERMATOV,
O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri