Mehmonlar shifobaxsh o'simliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Mehrigiyo” kichik korxonasida tropik mevalar va o'simliklar etishtirilayotgan issiqxonalar va plantatsiyalarni ko'zdan kechirdilar.
Shuningdek, papaya, zaytun, rastoropsha, kivi, lavanda, banan kabi turli o'simliklar hamda mevalarni mahalliylashtirish, ulardan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatdi.
Aytish joiz, korxonada dorivor o'simliklarni etishtirish va ularni qayta ishlash asosida 100 dan ziyod shifobaxsh choy, sharbat va asalli mahsulotlar tayyorlash yo'lga qo'yilganligi delegatsiya a'zolarida katta taassurot qoldirdi. E'tiborlisi, ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat va dori-darmon vositalari chet davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
Sayl doirasida hamyurtlarimiz va xorijlik sayyohlar uchun lavanda guli va iforidan tayyorlangan mahsulotlar ko'rgazmasi, papayya, banan, godji, kivi, zaytunzorlardan iborat salomatlik bog'i bo'ylab ekosayohat, tibbiyot turizmi va mutaxassislar ko'rigi, turli kontsert va shou dasturlar tashkil etilgan bo'lib, kuzatuvchilarda katta taassurot qoldiradi.
Mehmonlarga lavanda bog'larining takrorlanmas go'zalligidan bahramand bo'lish, maxsus retsept asosida tayyorlangan lavandali taomlar, muzqaymoq va salqin ichimliklardan tatib ko'rish, lavandazordagi unutilmas fotosessiyalarda ishtirok etish imkoniyati taqdim etilmoqda.
Barcha yurtdoshlarimizni va yurtimiz mehmonlarini iyun oyi yakuniga qadar davom etadigan lavanda sayliga taklif qilamiz, deydi Farg'ona viloyat hokimligi axborot xizmati.