2022-yilning 1-iyun holatiga koʻra, Uchquduq tumani adliya boʻlimiga xalq taʼlimi xodimlaridan 28 ta murojaat kelib tushgan. Shunda 18 tasi qanoatlantirilib, oʻqituvchilar foydasiga sudga daʼvo arizalari kiritildi. 10 ta murojaat adliya ish yurituviga olingan, deydi Uchquduq tuman adliya boʻlimi bosh maslahatchisi Shahzod Sayfudinov Bugun haq-huquq borasidagi fikr mulohazalar turlicha. Kimdir ziyoli qatlam oʻz haqqini undira olmasa, oddiy xalq nima qilsin, deyishi mumkin. Qaysi soha xodimi boʻlmasin, bor yoʻgʻi haq-huquqini bilish kifoyadir.

Masalan, Uchquduq tumanidagi 20-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Fotima Alimovaning rus tili fanidan xalqaro S-1 sertifikati boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5117 sonli qarori talablari boʻyicha bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ustama puli toʻlanmayotganligi boʻyicha adliya idorasiga murojaat qildi. Oʻqituvchi taʼlim tizimidan bor yoʻgʻi qonuniy haqini talab qildi. Adliya aralashuvidan soʻng Uchquduq tumani xalq taʼlimi boʻlimi fuqaroning 2021-2022-yillarning 5 oyi davomida toʻlab berilmagan ustama pullari 6 million 4ming 90 soʻm miqdoridagi qarzdorligini aniqladi. Uchquduq tumani adliya boʻlimi sudga talabgor Fotima Alimova manfaatiga daʼvo arizasi kiritdi va sud oʻqituvchi hisobiga daʼvoni qanoatlantirildi.

Xuddi shunday Uchquduq tumani adliya boʻlimiga hududdagi 9-sonli umumtaʼlim maktabidan rus tili fani oʻqituvchilari Amangul Baimbetova, 7-maktabdan Guliraʼno Bolatova va Shahlo Nurmuhammedovalarning murojaatiga ham sud orqali qoʻshimcha ustama haqlari undirib berildi.

— Uchquduq tumaning 10-sonli umumtaʼlim maktabida ishlayman. Menga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasi yuklatilgan, deydi M Barnoyeva. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq yetish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-sonli Farmonining 13-bandida sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targʻibotchisi” qoʻshimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yoʻlga qoʻyilganligini bilaman. Adliyaga murojaatim tufayli Uchquduq tuman Xalq taʼlimi boʻlimidan 8 876 031 soʻm qoʻshimcha ustama toʻlovlarni oldim. Tizim faoliyatidan gʻoyatda mamnunman. Toʻgʻrisi ish sudgacha boradi, deb oʻylamagandim. Chunki oʻzim ishlaydigan jamoa. Biroq, andisha doim ham insonga naf keltirmaydi. Ammo toʻgʻri yoʻl shu.

Barnoyeva singari 13 nafar sport targʻibotchisining 20 foizlik ustama haqlari Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchquduq tumani sudiga kiritilgan daʼvo arizalari tufayli undirib berildi. Ayni kunda tuman adliya boʻlimi xodimlari mehnat qonunchiligiga oid huquqiy targʻibot bilan taʼlim tizimlarida boʻlishmoqda. Xuddi shunday adliya boʻlimi qoshida faoliyat yuritayotgan yuridik markazlar faoliyati ham eʼtirofga loyiq. Markaz tashkil etilgandan boshlab hozirgi kunga qadar Uchquduq tumani adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markaziga jami 3608 ta hujjat kelib tushgan. Shundan 3348 tasiga ijobiy xulosa berilgan boʻlsa, 55 ta hujjatga markazlar tomonidan salbiy xulosa berilgan. 205 ta hujjat qayta ishlash uchun tegishli tashkilotlarga yuborilgan.

Birinchidan bu tizim yuridik xizmat koʻrsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan taʼminlaydi. Sifatli va malakali yuridik yordam koʻrsatadi. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarning huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirishda taʼsiri kuchli. Bundan tashqari, mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻz vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini taʼminlaydi.

Aniqrogʻi, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli boʻlishida himoya toʻsiq hisoblanadi. Yuridik xizmat koʻrsatish markazi jamiyatda “...falon xokim notoʻgʻri qaror chiqardi, falon tashkilotdagi huquqshunosning birgina xatosi bilan mulkiy nizolar kelib chiqdi yoki yurist chiqargan qaror sudda oʻzini oqlamadi» degan vajlar va chinakamiga huquq buzilishlarning oldi olinishida ekspert tashkilot sifatida oʻz nomini oqlamoqda.

Navoiy viloyati

adliya boshqarmasi

matbuot xizmati.