O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11-martdagi "Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 132-sonli qarori ijrosini ta'minlash, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar temir daftari” shakllantirilgan.
Ushbu daftarga 612 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan uchquduqlik yoshlar kiritilgan bo‘lib, ularning 514 nafari ishsiz, 98 nafari ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan yoshlardan iborat.
Ayni kunlarda, Navoiy viloyati Markaziy bank bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Saidov va "Mikrokreditbank" Navoiy viloyat filiali boshqaruvchisi H.Amonov, Uchquduq tuman hokimi birinchi o‘rinbosari F.Bafoev tumandagi "Ayollar" va "Yoshlar daftari"da b?lgan 19 ta oilaga 105 bosh chorva mollari, 9 nafar tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarga tikuv mashinkasini yetkazib berishdi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida shu kunning o‘zida "Altintau" OFY, "Mingbuloq" OFY hamda “Kokpatas” MFY dagi 21 nafar "Yoshlar daftari" hamda 14 nafar "Ayollar daftari"ga tushgan fuqarolarning bandligi ta'minlandi.
-Tikuvchilikka qiziqaman. Qo‘l mashinkada oila a'zolarim, farzandlarim, qo‘ni-qo‘shnilarim uchun liboslar tikib beraman, - dedi “Kokpatas” MFY fuqarosi Aytkul Kushekbaeva. – Menga yangi zamonaviy tikuv mashinkasi berildi, bundan xursandman. Endilikda tikish-bichish ishlarimni turli xil chokda tikadigan mashinkada yanada chiroyli va bejirim qilib tikaman.
Uchquduq tumanida xotin-qizlar va yoshlarning faolligini oshirish, ularni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, barcha jabhalarda o‘zlarining iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyish etishiga keng imkoniyatlar berilmoqda.