Ulkan Qizilqum choʻlida bundan million yillar ilgari Tetis dengizi mavjlanib turgan, deyishadi. Adogʻi yoʻq bu choʻlda turli dengiz chigʻanoqlari uchrab turishi shundan. Mirzachoʻldan nafaqat chigʻanoqlar, akula tishlari va suyaklari, hatto oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan suyaklari topilgan.

Ammo eng hayratlanarlisi bu ham emas. Qizilqumga butun dunyo sayyohlari eʼtiborini qaratgan ajoyib maskanlardan biri bu — Tosh oʻrmon.

Navoiyning Uchquduq tumanidagi Mingbuloq ovulidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Jiraquduq darasidagi bundan 95-100 million yil avval mavjud boʻlgan Toshoʻrmon deb ataluvchi noyob geologik, poleontologik, tarixiy va tabiiy obyekt bor.

Aytishlaricha, million yillar oldin tabiati boy, oʻrmonzordan iborat bu hududga meteorid kelib urilgan. Natijada dengiz suvi parchalanib, bu yer yuz yillar davomida quyosh nuridan panada — chang-toʻzon girdobida qolgan. Portlash oqibatida begona jismning kimyoviy va fizik xususiyatlari taʼsirida dengiz atrofidagi oʻrmonzorlar va jonivorlar toshga aylangan.

PS: Toshga aylangan oʻrmonlar sayyoramizda kamdan kam uchraydigan holat. Bugungacha Xuddi shunday oʻrmon AQSHda aniqlangan. Aniqrogʻi Arizona shtatida daraxtlari quyoshda kamalak ranglarida tovlanuvchi oʻrmon qoldiqlari joylashgan. “Toshga aylangan oʻrmon” deb ataluvchi miiliy bogʻ turli minerallarga aylangan daraxtlar toʻnkalaridan va tanalaridan tashkil topgan. 200 million yil avval qalin oʻrmon boʻlgan hudud iqlim va geografik oʻzgarishlar natijasida choʻlga aylangan.