Shu yilning 28-fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Surxondaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlarida faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videomuloqot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ham ko‘rildi. Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Sayfuddinov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilib, Termiz shahridagi “Hakim Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi. Termiz shahri bosh imomi va “Manguzar” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Rasuljon domla Abdullayev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlandi.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Oltintepa” masjidida imom-xatib bo‘lib ishlab kelayotgan Ahmadxon qori Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi etib tayinlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili vazifasini vaqtinchalik bajarib kelgan Yoqubjon domla Mansurov bosh imom-xatib o‘rinbosari va Samarqand tumani “Xo‘ja Ahrori Valiy” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida qoldirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakili Jasurbek domla Raupov ham o‘z ixtiyori bilan lavozimidan ozod etilib, Zangiota tumanidagi “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirildi. Toshkent tumani bosh imomi va mazkur tumandagi “Hasanboy ota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ishlab kelayotgan Doniyor domla Ikromov O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.