Jumladan, SHovot tumanida yashovchi Odilbek Qalandarovning murojaatida qayd etilishicha, u tumandagi texnika do'konlarining biridan yarim avtomat kir yuvish mashinasi sotib olgan. Xonadoniga olib borib o'rnattirgach, kir mashinasining ayrim qismlari nosoz ekani ma'lum bo'lgan. O.Qalandarov do'kon egasidan kir yuvish mashinasining nosoz qismlarini ta'mirlab berishni so'raganda iste'molchidan qo'shimcha 300 000 so'm pul talab etilgan.

Bundan iste'molchi ranjigan va Gurlan tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga muammosini hal etishda yordam so'ragan. Gurlan tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari voqea joyiga chiqib, vaziyatni o'rganish davomida iste'molchiga chindan ta'mirtalab kir yuvish mashinasini yangi, deb sotgan va uni ta'mirlab berish uchun pul talab qilgan “uddaburon” do'kon egalarining yolg'oni fosh bo'ldi. SHundan so'ng iste'molchining kir yuvish mashinasi uchun to'lagan 1 700 000 so'm puli olib berildi.  

Samarqandlik Sobir Fayziev yangi xarid qilgan buyum bilan ham shunday muammo yuz berdi. U Jomboy tumanidagi maishiy texnika do'konidan 3 400 000 so'mga televizor sotib olgan. Uyiga olib borib o'rnatgach, bir necha kun o'tib televizor sifatsizligi ma'lum bo'lgan, televizor ekrani yaxshi ko'rsatmay qolgan.

Bundan norozi iste'mochi do'konga murojaat qilib, televizor ekranini ta'mirlab berishlarini so'ragan. Do'kon egalari bundan bosh tortgan. Bir yilga berilgan kafolat muddatidan bir oy ham o'tmay bunday muammoga duch kelgan iste'molchi bundan norozi bo'lib Jomboy tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan yordam so'rab murojaat qilgan. Jamiyat xodimlari qonuniy tushuntirish ishlarini olib borgach, iste'molchining televizori ta'mirlab berildi.

Gulnoza SHARAFOVA,
jurnalist