«Ishchi guruh» a’zolariga «O‘zbekneftgaz» AJ mutaxassislari tomonidan dastlab takomillashtirilgan holda yangidan tashkil etilgan «O‘zbekneftgaz» AJ dispetcherlik xizmatining faoliyati namoyish etildi. Uglevodorod konlaridan xomashyo qazib chiqarish, ularni taqsimlash, transportirovka qilish hamda zavod va boshqa texnologik qurilmalarda qayta ishlash jarayonlari ustidan monitoring olib borish va ushbu jarayonlarning barchasini boqichma-bosqich avtomatlashtirish bo‘yicha bajarilgan ishlar va ularning natijalari taqdim etildi.

Soha mutaxassislariga ushbu ishlarni jadallashtirish hamda barcha jarayonlar qamrovini tezlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, respublika neft va gaz sanoatida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, sohani raqamlashtirish borasida yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Ayniqsa kon-geologiya sohasini rivojlantirish, neft va gaz konlarini raqamlashtirish va geologik jihatdan modellashtirish maqsadida tashkil etilgan markaz faoliyati batafsil muhokama etildi.

Bu borada «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan raqamli-modellashtirish markazi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu markaz jahondagi ilg‘or dasturiy ta’minotlar, serverlar va kompyuterlar bilan to‘liq ta’minlangan hamda mahalliy yetuk kadrlardan iborat yosh mutaxassislar jamoasi shakllantirilgan.

Modellashtirish markazi mutaxassislari tomonidan qisqa vaqt mobaynida 100 dan ortiq uglevodorod konlarining raqamli-geologik, 20 ga yaqin konning raqamli-gidrodinamik modellari sohaning so‘nggi talablariga mos ravishda yaratilgan va bu boradagi ishlar davom ettirilyapti.

Soha mutaxassislariga ushbu ishlarni amalga oshirishda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni ko‘paytirish va bu orqali Respublika aholisi va iqtisodiyoti tarmoqlarini energiya resurslari bilan ta’minlashga xizmat qilish asosiy maqsad sifatida qaralishi va bu borada barcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligi ta’kidlandi.

Taqdimotda Buxoro-Xiva regionidagi «Sho‘rtan«, «Janubiy Tandircha» hamda Ustyurt regionidagi «Quyi Surgil» konlari misolida «Petrel», «PIPESIM», «Techlog» va «Eclipse» kabi bir qator dasturlar yordamida konlarning chuqur yer osti va yer usti qismlarini modellashtirish barcha ma'lumotlarning kompleks tahlillarini amalga oshirish, shuningdek, qazib chiqarishni qo‘paytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish jarayonlari taqdim etildi.

Shuningdek, konlarda ishlatish quduqlarini burg‘ilash jarayonlarini masofadan turib onlayn tarzda nazorat qilish, olingan ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va ishlarning kelgusi yo‘nalishlarini tezkor belgilash bo‘yicha tashkil etilgan ishlar o‘rganildi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov va «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev markaz mutaxassislariga ushbu yaratilgan qulay sharoitlardan unumli foydalanish, yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish va bu borada sohaning barcha yetuk mutaxassislari bilan mustahkam hamkorlik qilish borasida takliflar berdi.

Shuningdek, ushbu ishlarni doimiy ravishda takomillashtirib borish va olingan natijalarni ishlab chiqarish jarayonlariga samarali tadbiq etish borasida ilg‘or kompaniyalar tajribasidan unumli foydalanish kerakligini hamda raqamlashtirish ishlarining barchasi to‘liq qo‘llab quvvatlanishini bildirdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib.